7 aprel — Butunjahon salomatlik kuni

  • Жанр: Yangiliklar
  • Смотрели: 15
  • Формат: mp4
  • Дата релиза: 07-04-2024, 09:24
Bugungi kun salomatligi haqida doimo qayg‘uradigan, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik vaziyatni yaxshilashga intiluvchi har bir inson uchun muhim sanadir.

Bundan roppa rosa 76 yil avval Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga asos solingan. O‘shandan buyon har yili mazkur sana Butunjahon salomatlik kuni sifatida keng nishonlanadi.

O‘zbekiston ham ushbu tashkilotga a’zo bo‘lib, uning yurtimizdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda salomatlik bilan bog‘liq masalalarning xalqaro darajadagi yechimiga munosib hissa qo‘shib kelinmoqda.

Ushbu sanani nishonlashdan ko‘zlangan asosiy maqsad — aholiga salomatlik ulug‘ ne’mat ekanligini anglatish. Shu bois bu kun global muammolarga bag‘ishlangan turli shiorlar ostida nishonlanadi. O‘tgan yillar davomida uning mavzusi ruhiy, yuqumli kasalliklarga qarshi kurash, faol turmush tarzi va uzoq umr ko‘rishni targ‘ib qilish, iqlim o‘zgarishining odamlar salomatligiga ta’siri muammosi, onalar xavfsizligi masalalarini muhokama qilish bo‘lgandi.

Bu yilgi Butunjahon salomatlik kunining mavzusi esa “Mening sog‘ligim — mening huquqim” deb belgilangan. Uning g‘oyasi har bir insonning qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, sifatli tibbiy xizmat, ta’lim va axborot olish, shuningdek toza ichimlik suvi, toza havo, me’yorida ovqatlanish, sifatli uy-joy, munosib mehnat sharoitlari va ekologik muhitga bo‘lgan huquqlarga egaligini ilgari surishdan iborat.

O‘z vaqtida olib borilgan profilaktika, sog‘lom turmush tarzi, o‘zi va atrofdagilarning salomatligiga mas’uliyatli munosabatda bo‘lish, sog‘liq va atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan tovar va xizmatlarni tanlash — bularning barchasi salomatlik va uzoq umr ko‘rish uchun zarur shart-sharoitlardir.
Bugun, fursatdan foydalanib, yana bir bor salomatlik – bebaho boylik ekanini eslatib o‘tmoqchimiz.
O‘z sog‘ligingizga befarq bo‘lmang!
Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.

Похожие salomatliklar, tush tabirlari va munajjimlar bashorati