Yana ta’mirtalab yo‘l muammosi

  • Жанр: Yangiliklar
  • Смотрели: 20
  • Формат: mp4
  • Дата релиза: 06-04-2024, 10:58
Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani Kojor qishlog‘i aholisini ham qishloq oralab o‘tgan mahalliy ahamiyatdagi 4K328 avtomobil yo‘lining ayanchli ahvolga kelib qolgani uzoq yillardan buyon qiynab keladi.

Qishloq aholisining mazkur yo‘l bo‘yicha yo‘llagan murojaatini joyiga borib o‘rganish maqsadida fotomuxbir bilan ushbu manzilga yetib bordik. Qarshi-Mirishkor-Jeynov yo‘lidan o‘ng qo‘lga Kojor qishlog‘i hududiga kirar ekanmiz, mashinamizni ehtiyotlab haydashga majbur bo‘ldik. Yo‘ldagi yamalarning ko‘pligidan texnikalar yo‘l chetidan yurishga, piyodalar esa texnikalardan qochish uchun yo‘lning qatnov qismidan harakatlanishga majbur.

Mahalla oqsoqollarining ta’kidlashicha, ushbu yo‘l mustaqillikdan oldin qilingan va bir paytlar juda serqatnov yo‘l bo‘lgan. Vaqtida ta’mirlash ishlari olib borilmagani sababli mana shunday ahvolga kelib qolgan.

– Yo‘limiz juda og‘ir ahvolga kelib qolgan, – deydi Qurbon To‘rayev. – O‘ydim-chuqur. Mashinalar yurishga qiynaladi. Yog‘ingarchilik paytlarda loy, yozda chang-to‘zon.

– To‘rt-beshta qishloqdan texnikalar qatnaydi bu yo‘ldan, – deydi Sayfuddin Sherov. – Bundan tashqari, keyingi yillarda qishloq xo‘jalik dalalariga og‘ir-og‘ir texnikalar qatnashi oqibatida holati yanada yomonlashdi. Necha yildan buyon mas’ullarga murojaat qilamiz, lekin natija yo‘q. Ayniqsa, maktabga o‘quvchilar, markazga tez yordam mashinalari qatnashga qiynaladi.

Albatta, bugun hayot tezlashib, taraqqiyot shiddat bilan rivojlanmoqda. Bundan o‘n yil oldin katta qishloqda 10-15 kishida yengil yoki og‘ir texnika bo‘lsa, bugun deyarli har bir xonadonda bittadan, ba’zilarda ikki-uchtadan mashina bor. Birgina Kojor mahallasining o‘zida 6 ming 400 nafar aholi, 1300 xonadon, 2520 ta oila yashaydi. 2,5 ming oila degani salkam ikki mingdan ziyod mashina degani. Bir qishloqning o‘zidan shuncha mashina vaqti- soati bilan shu yo‘ldan kirib- chiqadi.
– Bu yo‘limizning umumiy uzunligi 4,5 kilometrdan iborat, – deydi “Kojor” MFY raisi Oybek Poyonov. – Hozirgi kunda yo‘limizning ahvoli juda ayanchli holatda. O‘tgan yili davlat tomonidan 1,5 kilometr qismi asfalt qilib berildi. Qolgan qismi ayanchli ahvolda qolib ketdi. Bir necha bor ushbu muammo bo‘yicha xat chiqardik, lekin natija yo‘q. Yog‘ingarchilik bo‘lgan paytlarda bu yo‘ldan texnikalarning o‘tishi qiyin. Uyilib ketgan. Ushbu yo‘l doim serqatnov bo‘lgan. Boisi Qarshi-Mirishkor-Jeynov yo‘li bilan Qarshi-Kasbi-Koson yo‘lini bog‘lab turadi.
Aholi vakillari ham qarab turgani yo‘q. Mahalla raisining ta’kidlashicha, qishloqda 28 kilometr ichki yo‘llar mavjud. Xalq birlashib, ikki-uch yildan buyon “open byudjet”da g‘olib bo‘lib, 7 kilometr ichki yo‘llarni asfalt qildirishgan. Yana harakatni davom ettirib, tashabbus kiritishda davom etmoqda. Ammo ayni muammoli bo‘lgan mahalliy ahamiyatdagi 4K328 avtomobil yo‘lini tashabbusli byudjetga qo‘yib bo‘lmaydi.
– Shaharga chiqishga qiynalaman. O‘zim talabaman, oliygohda o‘qiyman, – deydi Shoira Vahobova. – Yo‘lkiralar qimmat. Shofyorlarni ham tushunamiz. Yo‘l yomon. Yomg‘ir-qor vaqti yura olmay qolamiz. Yozda chang-to‘zon uyimizgacha boradi. Bolalarim bog‘chaga boradi. Yo‘l yomonligidan taksiga ikki nafar bolam uchun oyiga 300 ming so‘m to‘layman.
Ushbu yo‘lning ta’miri masalasida hech qanday ish qilinmadi, deb bo‘lmaydi, albatta. Ko‘rganni ko‘rdim, deyish kerak. O‘tgan yili 1,5 kilometr qismiga asfalt yotqizilgan. Ammo uch kilometrga yaqin qismi abgorligicha qolib ketgan.

Похожие salomatliklar, tush tabirlari va munajjimlar bashorati