2030 yilga qadar xorijiy sayyohlar soni 15 million nafarga yetkaziladi

  • Жанр: Yangiliklar
  • Смотрели: 16
  • Формат: mp4
  • Дата релиза: 06-04-2024, 04:56
«O‘zbekiston-2030» strategiyasida tashqi va ichki turizmni rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratish orqali sayyohlar sonini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangan. Unda 2030 yilga qadar xorijiy sayyohlar sonini 15 millionga, ichki sayyohlar sonini 25 millionga, ziyorat turizmi bo‘yicha keladigan sayyohlar sonini 3 millionga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi Nurbek Yoqubovning ma’lum qilishicha, mazkur strategiyaga asosan xususiy investisiyalarni jalb qilish hisobiga respublikada mehmonlar uchun mo‘ljallangan o‘rinlar sonini kamida 2 barobar oshirish, turizm mahallalari sonini 175 taga, turizm xizmatlari eksportini 5 milliard dollarga, tibbiyot va ta’lim turizmi eksportini yiliga 1,5 milliard dollarga yetkazish choralari ko‘riladi.

– Albatta, «O‘zbekiston-2030» strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash uchun hozirdanoq puxta zamin yaratish zarur, – dedi N.Yoqubov. – Buning uchun esa muassasamiz olimlari 2017-2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasida amalga oshirilgan islohotlarning asosiy natijalarini tahlil qilib chiqdi.

Xo‘sh, bu yillarda sohada qanday natijalarga erishildi, degan savol tug‘ilishi tabiiydir. Raqamlarga e’tibor qarataylik: 2023 yilda O‘zbekistonga kelgan xorijlik sayyohlar soni 6,6 million nafarga yetgan. Oxirgi olti yilda turistlar oqimi qariyb 2,5 barobar ko‘paygan. 2017 yilda esa xorijlik sayyohlar soni 2,6 million nafarni tashkil qilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyodagi 91 ta mamlakat fuqarolari O‘zbekistonga kelish uchun vizasiz tartibdan foydalanishi mumkin. Taqqoslasak, Qozog‘istonga 26 ta, Turkiyaga 41 ta, Gruziyaga esa 56 ta mamlakat fuqarolari vizasiz kela oladi.

Turizm eksportining rivojlanishi mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror o‘sish manbalaridan biri hisoblanadi. 2023 yilda turizm xizmatlari eksporti 2 milliard 143 million AQSh dollarini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2017 yilda 531 million dollar miqdorida edi. 2023 yilda sayyohlar sonining sezilarli darajada oshishi hisobiga turizm xizmatlarining eksporti 2017 yildagiga nisbatan qariyb 4,5 barobarga ortgan.
Yana bir ma’lumot: Amerikaning «Travel Lemming» onlayn sayohat qo‘llanmasi 2023 yilda O‘zbekistonni dunyoning 50 ta eng yaxshi sayyohlik yo‘nalishi ro‘yxatiga kiritdi va mamlakatimiz 9-o‘rinni egalladi. Ushbu qo‘llanma har yili dunyo bo‘ylab yangi yo‘nalishlar va yashirin durdonalarni yoritadi. Uni 6 milliondan ko‘proq sayohatchi o‘qiydi.
Xulosa shuki, ushbu qayd etilayotgan natijalar sohaning salohiyati katta ekanligidan dalolat beradi. Shu bois hukumatimiz tomonidan sohada infratuzilma ob’ektlarini yanada ko‘paytirish va ichki turizm imkoniyatlaridan samarali foydalanishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Похожие salomatliklar, tush tabirlari va munajjimlar bashorati