“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ramzi ishlab chiqildi

  • Жанр: Yangiliklar
  • Смотрели: 14
  • Формат: mp4
  • Дата релиза: 05-04-2024, 19:52
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ramzining asosini “Yangi O‘zbekiston” va “Uchinchi Renessans” timsoli sifatida “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi Mustaqillik monumenti obrazi tashkil etadi.

Ramzda aks ettirilgan Mustaqillik monumenti malakatimiz tarixi, bugungi kuni va kelajakning o‘zaro uyg‘unligi ifodasi sifatida talqin etilsa, uning yuksaklikka bo‘ylashishi negizida xalqimizning birligi va birdamligi, O‘zbekistonning dunyo davlatlari bilan hamjihatligi, tinchliksevar siyosati mujassamlashgan.

Shuningdek, yuqoriga intilgan chiziqlar dinamikasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishi va unda belgilangan 100 ta maqsadni to‘liq hamda muvaffaqiyatli amalga oshirish ezgu g‘oyasi mavjud.

Logotipning yuqori qismida baxt-saodat, hurriyat va tinchlik timsoli hisoblangan qanotlarini yozgan Humo qushi tasvirlangan. U qadim, uch ming yildan ziyod davlatchilik tajribasiga ega, shu bilan birga, navqiron, orzu-maqsadlari ulkan, qonida erksevarlik tuyg‘ulari jo‘sh urayotgan, mehnatsevar va oliyjanob xalqiga tayanadigan davlat timsoli sifatida gavdalangan.

Humo qushga tutash ustunlar esa inson huquq va erkinliklari, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ta’lim va tarbiya, davlat va jamiyat muvozanatining ifodasi sifatida tasvirlangan. Shuningdek, mazkur element davlatning hokimiyatni amalga oshirishi, shu bilan birga jamiyat manfaatlari, erkinliklari, talablari o‘rtasidagi muvofiqlik va uyg‘unlikni anglatadi.

Strategiya ramzida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitusiyasida qoida sifatida belgilangan «Yangi O‘zbekiston - ijtimoiy davlat” tamoyilining majoziy nishonasi sifatida uchburchak shakl elementidan foydalanilgan. U faol islohotlarni amalga oshirish davrida aholining barcha qatlamlarini muhofazalash, ular uchun teng imkoniyatlar yaratish, ayniqsa, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ishsizlikdan himoya qilish, kafolatlangan sifatli ta’lim, malakali tibbiy yordam doimo davlat oldidagi ustuvor vazifa ekanligining tamal toshidir.
Mustaqillik monumentining ichki qismida aks ettirilgan jamiyat – O‘zbekistonning yagona xalqi obrazi hisoblanadi. Unda yuksak insoniy fazilatlar sohibi bo‘lgan, ulug‘ maqsad yo‘lida birlashgan, tinchliksevar, mehnatkash, bag‘rikeng va dono xalqimiz gavdalanadi. Shuningdek, mazkur obraz mamlakatda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar inson qadri, uning farovon turmush kechirishiga qaratilayotganini aks ettirib, davlatning bebaho boyligi xalq ekanligini anglatadi.
Ushbu element xalqimizning tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik g‘oyalariga sadoqatli ekanligini namoyon qiladi. Shu bilan birga, u mustahkam oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini sifatida doimo jamiyat va davlat muhofazasida ekanligini ifodalaydi.

Похожие salomatliklar, tush tabirlari va munajjimlar bashorati