G‘azo aholisi uchun oziq-ovqat yetishmayapti

  • Жанр: Yangiliklar
  • Смотрели: 18
  • Формат: mp4
  • Дата релиза: 05-04-2024, 19:14
G‘azoda odamlar kuniga o‘rtacha 245 kaloriyaga teng oziq-ovqat iste’mol qilishga majbur. Bu 100 gramm non kuchidan ham kam. Umuman, qamaldagi sektor shimoliy hududi aholisi oziq-ovqat yetishmasligi tufayli ochlikdan juda qiynalyapti. Bosh qarorgohi Ispaniyada joylashgan “Oxfam Intermon” xalqaro nodavlat tashkiloti hisobotida shunday ma’lumot keltirilgan.

Bir kishi kuniga taxminan 2 100 kaloriya qabul qilishi lozim, ammo G‘azo aholisi bu ko‘rsatkichning 12 foizidan ham kam ozuqa iste’mol qilmoqda. 2 million 200 ming aholisi bor G‘azoga ruxsat etilgan oziq-ovqatning umumiy miqdori o‘tgan yil oktyabr oyida kunlik kaloriya ehtiyojining atigi 41 foizini tashkil qilgan. Hozir G‘azo uchun yetarli oziq-ovqat zaxirasining yarmidan kamrog‘i import qilinyapti.

Shu kunlarda G‘azoga har kuni kamida 221 yuk mashinasida oziq-ovqat kirishi kerak, biroq Isroil atigi 105 avtomobilga ruxsat beryapti.

– G‘azo shimolida ocharchilik boshlanadi, butun aholi umuman to‘yib ovqatlanmaydi, 1 million 100 ming kishi halokatli tarzda oziq-ovqat taqchilligiga duch kelmoqda, – deyilgan hisobotda. – Miqdori cheklangan va qimmatligi tufayli aksar aholiga sabzavot va meva yetmaydi.

– Urushdan oldin sog‘lig‘imiz mustahkam, kuch-quvvatimiz bor edi, – deydi G‘azoda yashayotgan falastinlik ayol. – Hozir farzandlarim ham, o‘zim ham ochlik tufayli holdan toydik. Bizda odatiy ovqatlanish imkoni yo‘q. Har kuni omon qolish uchun qo‘limizdan kelganicha harakat qilyapmiz. Hatto, o‘simlik, o‘t yeyishga ham to‘g‘ri kelyapti.

Hisobot mualliflari G‘azo shimolida kamida yetti nafar bola ochlikdan halok bo‘lgani, hujum davom etayotgani, suv va yonilg‘i taqchilligi hamda tibbiy xizmatdan yetarli foydalanish imkoni yo‘qligi tufayli qashshoqlik kundan-kunga kuchayib borayotganiga e’tibor qaratgan.
“Oxfam Intermon” direktori Frenk Kortada Isroil aholini atay ochlik bilan azoblayotganini aytgan.
– Tel-Aviv BMT Xavfsizlik Kengashi va Xalqaro sud tomonidan genosidning oldini olish bo‘yicha chiqarilgan qarorlarni e’tiborsiz qoldirmoqda, – deydi u.
Kortada sektorda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, eksklavdagi mahbuslar va Isroil tomonidan noqonuniy hibsga olingan falastinliklarni ozod qilishga chaqirdi.
– Shundagina G‘azoda olti oydan beri 2 million 200 ming kishi boshdan kechirayotgan dahshatli qirg‘inni to‘xtata olamiz, Isroil esa ochlikdan urush quroli sifatida foydalanishni davom ettira olmaydi, – deya fikriga xulosa yasagan “Oxfam Intermon” rahbari. – Ichimlik va oqova suvi yetishmasligi bombadan ko‘ra ko‘proq odamni o‘ldiradi.

Похожие salomatliklar, tush tabirlari va munajjimlar bashorati