Aholiga ko‘rsatilayotgan tez va shoshilinch tibbiy yordam holati deputatlar nazoratida

  • Жанр: Yangiliklar
  • Смотрели: 12
  • Формат: mp4
  • Дата релиза: 04-04-2024, 13:32
2024 yil 4 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunning 30-moddasi ijrosini Navoiy va Xorazm viloyatlari misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan va izchil chora-tadbirlar amalga oshirilishi natijasida aholiga shoshilinch kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatishning yaxlit tizimi tashkil etildi. Tez tibbiy yordam tizimi tubdan isloh qilindi. Aholiga tez va shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada yaxshilash va yaqinlashtirish borasidagi islohotlar doirasida oldin bir tizimda faoliyat yuritgan tez va shoshilinch tibbiy yordam o‘rniga bir-biridan mustaqil ikki tizim yaratildi.

Shoshilinch tibbiy yordamning tuman(shahar) tarmog‘i qayta tashkil etilib, yuqori texnologik tibbiy yordamni tuman darajasida ko‘rsatish imkoniyati yaratildi, tumanlardagi shoshilinch bo‘limlar o‘rniga shoshilinch qabul bo‘limlari tashkil etildi. Tez tibbiy yordam tizimida chaqiruvni qabul qilib olishdan tortib, tez tibbiy yordam brigadalari joylashuvigacha o‘zgardi. Xizmat ko‘rsatishdagi geografik to‘siqlar bekor qilindi.

Xususan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududiy filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, aholiga ixtisoslashtirilgan shoshilinch tibbiy yordamni yanada yaqinlashtirish, qo‘shma shikastlanishlar va yurak-qon tomir kasalliklaridan o‘lim va nogironlikni kamaytirish maqsadida tuman va shahar markaziy shifoxonalari tarkibida 35 ta tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari, tuman(shahar) markaziy shifoxonalarida bemorlarni kasallikning og‘irlik darajasi bo‘yicha saralaydigan (triaj) tunu-kun ishlaydigan shoshilinch qabul bo‘limlari tashkil etildi.

Ularni yuqori texnologik diagnostika va davolash uskunalari bilan tez tibbiy yordam tizimini zarur avtotransport, shoshilinch hamda tez tibbiy yordam ko‘rsatuvchi muassasalarni axborot-aloqa jihozlari bilan ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, Respublika tez tibbiy yordam markazi va uning 14 ta hududiy filiali tashkil qilinib, tez tibbiy yordamning yagona vertikal boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, sanitar aviasiyasi xizmati faoliyat ko‘rsatmoqda. Natijada har yili 900 ming nafardan ortiq bemorni shoshilinch tibbiy yordam tizimi muassasalarida stasionarda davolash, 1 million nafardan ortiq bemorga ambulatoriyada tibbiy yordam berishni ta’minlash, tez tibbiy yordam xizmati tomonidan yiliga 13 millionga yaqin chaqiriqni bajarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.
Vazirlik tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, respublika bo‘yicha davlat tibbiyot muassasalarida shoshilinch tibbiy yordamga ixtisoslashgan 10 410 ta o‘rin faoliyat ko‘rsatmoqda. So‘nggi besh-olti yil davomida mamlakatimizdagi shoshilinch tibbiy yordamga ixtisoslashgan muassasalar investisiya loyihalari doirasida 103 turdagi 8621 ta tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlandi. Jumladan, tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari multispiral kompyuterli tomograf (MSKT) apparati hamda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining barcha filiallari angiograf uskunasi bilan jihozlandi.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, Toshkent shahri tajribasi asosida Respublika tez tibbiy yordam markazining hududiy filiallarida yagona “Call-markaz”lar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, tez tibbiy yordam bo‘yicha elektron avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi joriy etilmoqda. Shuningdek, Respublika tez tibbiy yordam markazining hududiy filiallari markazlashtirilgan xolda komp’yuter jamlanmalari, axborot-kommunikasiya vositalari, elektr energiyasini uzluksiz ta’minlash uskunalari, avtotransport vositalari GPS-trekerlar bilan jihozlandi.
Joylarda o‘rganishlar davomida deputatlar tez tibbiy yordam tizimiga yangi avtomashinalar markazlashgan holda yetkazib berilayotganiga guvoh bo‘ldilar. Masalan, so‘nggi 3 yilda Navoiy viloyati filialiga 2 ta Gazel, 39 ta Volkswagen Caddy, 5 ta Damas, 1 ta Iveko (Mamografiya), 2 ta Isuzu (O‘pka salomatligi, qon quyish), Xorazm viloyati filialiga esa 43 ta Volkswagen Caddy, 2 ta Foton rusumli maxsus avtotransportlar yetkazib berilgan.
Muhokamalar davomida deputatlar amalga oshirilgan ishlarni ijobiy baholash bilan birga, aholiga tez va shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada yaxshilash va yaqinlashtirish borasidagi islohotlardan kelib chiqib, sohaga oid idoraviy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish, tez tibbiy yordamni tibbiyot birlashmalari va oilaviy poliklinikalar bilan integrasiyalash tizimini to‘liq yo‘lga qo‘yish, tez va shoshilinch tibbiy yordam tizimiga yangi shtat me’yorlari asosida shtat ajratilishini ta’minlash bo‘yicha tavsiyalar berdilar.

Похожие salomatliklar, tush tabirlari va munajjimlar bashorati