Skott Maktominey: «Napoli» chaqiruvi ichimga o‘t soldi»

  • Жанр: Futbol yangiliklari
  • Смотрели: 1
  • Формат: mp4
  • Дата релиза: 07-10-2024, 13:13
«MYU»ga sig‘magan Skott Maktominey «Napoli» safiga qo‘shilganidan keyin ilk intervyuni Neapol shahri rasmiy kanaliga berdi va unda o‘z tanlovini tushuntirib berdi:

Transferlar darchasining so‘nggi kunlari, «Alyans Arena»da «Yuventus»ga qarshi bahsda maydonga tushish... Asosiysi, shotlandiyalik yarim himoyachi yangi klub tarkibida joy topish uchun ko‘p vaqt sarflamasligiga ishonmoqda va hatto Konte tuzilmasida maydon markazini boshqaruvchi asosiy kuchga aylanishini ham aytmoqda: «Napoli»ning menga qiziqayotganini eshitganimda, ichimda qandaydir olov yona boshladi. Binobarin, faoliyatingizning o‘rta bosqichida Konte kabi murabbiy qo‘liga tushish juda muhim. Har holda, u har qanday futbolchini yetarlicha rag‘batlantiradi va bor kuch bilan o‘ynashga undaydi».

Aniq g‘oyalar va o‘rganish istagi...

- Italyan tilini bilmasligim muammo emasmi? Ha, bu tilni o‘rganish qiyin, Neapolda odamlar juda tez gapirishar ekan. Demak, zudlik bilan shaxsiy o‘qituvchi topishim zarur, chunki avvalo, italyanchada bemalol gapirishni o‘rganishim muhim. Axir mahalliy tilni tushunish murabbiy talablarini to‘liq anglashga yordam beradi. Hozirga qadar jamoadoshlarim va muxlislar bilan muloqot asnosida asosiy iboralarni o‘rganishga ulgurdim. O‘zi mahalliy tilni bilish kundalik hayotda ham sizga yengillik yaratadi. Xususan, mehmonxonalar yoki mashg‘ulotlarga qatnashda. Nea­polda muxlislar futbolni aqldan ozgan darajada yaxshi ko‘rishlarini bilaman. Shunday ekan, ular bilan ham tezroq to‘laqonli aloqa o‘rnatishni xohlayman. «Napoli» stadionidagi muxlislik men ko‘rgan eng kuchli to‘lqinlardan biri ekanligiga shubha yo‘q. Xullas, Neapolda o‘ynash futbolchiga g‘urur bag‘ishlashi ta­yin. Jamoa­da o‘ziga xos g‘oyalar bor, menda esa o‘rganish ishtiyoqi.

Konte ishiga munosabat

- Bilishimcha, Konte o‘ta talabchan murabbiylar toifasiga mansub. Bu esa aynan mening yoshimdagi futbolchilar uchun juda foydali. Hozir 27 yoshdaman, demak, endi g‘o‘r bola emasman, lekin hali faxriylar guruhiga ham kirmayman. Shunday ekan, o‘z salohiyatimni maksimal darajaga ko‘tarishim kerak. «Napoli» chorlovi meni bejiz to‘lqinlantirmagani, jamoada muvaffaqiyatga erishishni xohlayotganimni amalda ko‘rsatish uchun bor kuchimni ishga solaman, albatta.
Katta orzu-maqsadlar sari
- Hozirgi bosh orzum - «Napoli» bilan skudetto yutish, kuboklarni boshim uzra baland ko‘tarish. Oddiy aytganda, bu yerda muvaffaqiyatga erishishni istayman. «Napoli»ga sifatli yordam berish, kelajak uchun kurashish va faoliyatimni maksimal cho‘qqiga ko‘tarish uchun bor imkoniyatlardan foydalanmoqchiman. Buning uchun tezroq yuqori sport formasiga chiqishim, mashg‘ulotlarda bor kuch bilan ishlashim kerakligini ham yaxshi tushunaman.
Kumirlar, italyancha futbol va xobbi
- Oilam bolaligimda Angliya bo‘ylab sayohatga chiqishim, «MYU»dek klubda o‘ynashimga mislsiz yordam berdi. «Old Trafford»da asosiy jamoa safiga qo‘shilishimga qadar barcha yosh toifalarida o‘ynab chiqdim. Tabiiyki, mag‘lubiyat hissini ham, g‘alaba zav­qini ham tuydim. Bolaligimdan Ueyn Runi va Zayniddin Zidanga kumir sifatida qaradim, har doim ularning o‘yinlarini kuchli e’tibor bilan kuzatdim, mashg‘ulotlarda u yoki bu harakatlarini takrorlashga urindim. Italiya futboli haqida gapirsak, hammasi boshqacha, albatta. Muhimi, italyancha uslubni yaxshi ko‘raman. Agar inson qo‘lidan kelganicha harakat qilsa va iloji boricha shug‘ullansa, har qanday sharoitga yaxshi moslasha oladi. Bo‘sh vaqtni asosan ota-onam, singlim va uning farzandlari, turmush o‘rtog‘im bilan o‘tkazaman. Golf o‘yiniga qiziqishim baland. To‘g‘ri, og‘ir mashg‘ulotlardan keyin golf o‘ynash qiyin, axir oyoqlaringizga dam berishingiz kerak. Menga yana bilyard, stol tennisi va darts yoqadi. Yugurish sportiga ham befarq emasman.

Похожие salomatliklar, tush tabirlari va munajjimlar bashorati