Hindiston rohinja qochqinlarini deportasiya qilishni rejalashtirmoqda

  • Жанр: Yangiliklar
  • Смотрели: 14
  • Формат: mp4
  • Дата релиза: 30-03-2024, 16:06
Hindistonda myanmalik rohinja qochqinlari deportasiya xavfiga duch kelishmoqda, deb yozmoqda TRT. 8 mart kuni Hindiston shimoli-sharqidagi Manipur shtati hukumati rohinja qochqinlarini deportasiya qilish haqida buyruq berdi. Shtat gubernatori Biren Singx ijtimoiy tarmoqlarda uning hukumati “Hindistonga noqonuniy kirgan” qochqinlarning sakkiz kishilik birinchi guruhi deportasiya qilinishini bildirdi.

Myanma hukumati bu borada Hindiston bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgach, deportasiya jarayoni to‘xtatildi. Biroq rohinjalar bu vaqtinchalik muammo, deb qo‘rqishmoqda.

E’tiborli jihati shundaki, Manipur hukumati rohinjalarga qarshi kurash boshlaganidan uch kun o‘tib, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi hukumati qo‘shni davlatlardan ta’qibga uchragan ozchiliklarga Hindiston fuqaroligini berishni ko‘zda tutgan fuqarolik to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Biroq hujjat faqatgina 2015 yilgacha Pokiston, Bangladesh va Afg‘onistondan Hindistonga kelgan va diniy ta’qiblarga uchragan olti diniy ozchilik - hindular, sikxlar, buddistlar, jaynlar, parsislar va nasroniylarga fuqarolik beradi.

Hujjat imkoniyatlaridan foydalanuvchilar ro‘yxatiga o‘z vatanlarida zo‘ravonlikka uchragan musulmon jamoalar, jumladan, Pokistondagi Ahmadiya jamoati a’zolari, Afg‘onistondagi shia hazoralari yoki Myanmadagi rohinjalar kiritilmagan.

“Biz ham, fuqarolik beriladigan yana uch davlat fuqarolari kabi diniy ta’qiblar qurbonimiz. Buddistlar hukmron bo‘lgan Myanmada ham biz ozchilikmiz. Ammo Hindiston hukumati bizdan faqat musulmon bo‘lganimiz uchun tashvishlanayotgani yo‘q”, — deya rohinjalik faollardan iqtibos keltirdi !Al-Jazira!.

Rohinjalar Myanmadagi asosiy musulmon etnik ozchilikdir. Mamlakat hukumati ularni fuqarolikdan va asosiy huquqlardan mahrum qilgan.
2017 yilda mamlakat hukumati “genosid niyati” bilan harbiy kampaniya boshlaganidan keyin 750 mingdan ortiq rohinja Myanmani tark etishga majbur bo‘lgan. Rohinjalar asosan Bangladesh janubidagi qirg‘oqlarga ko‘chib o‘tdi va bu mintaqani dunyodagi eng katta qochqinlar lageriga aylantirdi. Ko‘pchilik qo‘shni Hindistonga ham qochib ketdi.
BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy Komissarligi ma’lumotlariga ko‘ra, Hindistonda Myanmadan kelgan qariyb 79 ming qochqin, jumladan, rohinjalar yashaydi, ularning 22 mingga yaqini BMT qochqinlar agentligida ro‘yxatdan o‘tgan.
Hindiston qochqinlarning huquqlari va davlatning ularga nisbatan majburiyatlarini belgilab beruvchi 1951 yilgi BMTning Qochqinlar bo‘yicha konvensiyasini imzolagan emas. Mamlakatda qochqinlarni himoya qiluvchi qonun ham mavjud emas. Tanqidchilar Modi hukumatidan ta’qibga uchragan musulmon ozchiliklarni fuqarolik to‘g‘risidagi qonundan chiqarib tashlagani uchun g‘azablanib, bu qonunni musulmonlarga qarshi stereotiplarni targ‘ib qilishga qaratilgan ikki tomonlama standart deb atadi.
Tanqidchilar buni Hindistonda kelasi oyda boshlanadigan umumiy saylovlar bilan bog‘liq, deydi. O‘tgan hafta hukumat Oliy sudga rohinjalarning Hindistonda yashashga asosiy huquqi yo‘qligini ma’lum qildi. Sudya Kolin Gonsalves hukumatning pozisiyasini qoraladi va deportasiyalarni to‘xtatishni chaqirdi.

Похожие salomatliklar, tush tabirlari va munajjimlar bashorati