ECHL: Angliya klublari uchun omadli o‘tgan tur
- Жанр: Yangiliklar
- Смотрели: 0
- Формат: mp4
- Дата релиза: 03-10-2024, 11:07
Gap shundaki, mazkur turda Angliyaning to‘rt jamoasi g‘alabaga erishdi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, “Aston Villa” o‘z maydonida “Bavariya”ni 1:0 hisobida taslim etdi. “Arsenal” Londonda mehmon bo‘lgan “PSJ” klubini 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, “Liverpul” 2:0 hisobida “Bolonya”dan ustun keldi. Safarda “Slovan Bratislava” mehmoni bo‘lgan “Manchester Siti” bu turda mezbonlar darvozasini to‘rt marotaba ishg‘ol qildi.
Germaniya jamoalaridan “Bayer 04” 1:0 hisobida “Milan” jamoasini yengdi. “Borussiya Dortmund” o‘z maydonida “Seltik” ustidan 7:1 hisobida zafar quchdi. Shuningdek, “Shtutgart” va “Sparta Praga” bahsi 1:1 hisobida o‘z nihoyasiga yetdi. “RB Leypsig” esa 2:3 hisobida “Yuventus”ga taslim bo‘ldi.
Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, ispan klublaridan bu turda "Jirona", "Atletiko" va "Real" kutilmaganda mag‘lubiyatga uchradi. Faqatgina "Barselona" jamoasi "Yang Boyz" darvozasiga javobsiz 5 ta gol urib, muhim bo‘lgan 3 ochkoni qo‘lga kiritdi.
Kutilmagan natijalarga boy bo‘lgan 2-turdan so‘ng “Borussiya Dortmund”, “Brest”, “Benfika”, “Bayer 04”, “Liverpul”, “Aston Villa” va “Yuventus” klublari ochkolarini 6 taga yetkazib oldi. “Manchester Siti”, “Inter”, “Sparta Praga”, “Atalanta”, “Sporting”, “Arsenal” hamda “Monako” esa uchinchi turga 4 ochko jamg‘argan holda yetib keldi.
Bittadan g‘alaba va mag‘lubiyat qayd etgan “Bavariya”, “Barselona”, “Real Madrid”, “Lill”, “PSJ”, “Seltik”, “Bryugge”, “Feyenoord”, “Atletiko” klublari 3 ochko bilan 15-23 o‘rinlarga joylashdi. Shuningdek, “PSV”, “Shtutgart”, “Bolonya”, “Shaxtyor”, “Dinamo Zagreb” jamoalari 1 ochko bilan musobaqani davom ettirmoqda.
Afsuski, “RB Leypsig”, “Jirona”, “Shturm”, “Milan”, “Srvena zvezda”, “Zalsburg”, “Slovan Bratislava”, “Yang Boyz” kabi jamoalar ketma-ket ikki turda imkoniyatni boy berib ochkosiz qolmoqda.
Evropa chempionlar ligasining 3-tur uchrashuvlari 22-23 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda “Milan” – “Bryugge”, “Monako” – “Srvena zvezda”, “Arsenal” – “Shaxtyor”, “Aston Villa” – “Bolonya”, “Jirona” – “Slovan Bratislava”, “Yuventus” – “Shtutgart”, “PSJ” – “PSV”, “Real” – “Borussiya Dortmund”, “Shturm” – “Sporting”, “Atalanta” – “Seltik”, “Brest” – “Bayer 04”, “Atletiko” – “Lill”, “Yang Boyz” – “Inter”, “Barselona” – “Bavariya”, “Zalsburg” – “Dinamo Zagreb”, “Manchester Siti” – “Sparta Praga”, “RB Leypsig” – “Liverpul”, “Benfika” – “Feyenoord” kabi jamoalar bahsiga guvoh bo‘lamiz.
Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tishimiz lozimki, Yevropa chempionlar ligasining ayni damda davom etayotgan dastlabki bosqichidan 24 jamoa pley-off bosqichiga yo‘l oladi. Ular orasida eng yaxshi natija qayd etgan 8 ta klub to‘g‘ridan-to‘g‘ri 1/8 final yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Umumiy bosqichda 9-24 o‘rinlarni egallagan jamoalar pley-offning qo‘shimcha raundida ishtirok yetadi. Unda eng yaxshi natija ko‘rsatgan 8 ta jamoa musobaqaning 1/8 final bosqichida yuqoridagi 8 ta klubga qarshi o‘yin o‘tkazadi.
Evropa chempionlar ligasining final o‘yini 2025 yilning 31 may kuni Myunxen shahridagi “Alyans Arena” stadionida bo‘lib o‘tadi.