Ugledar bosib olindi: Rossiya armiyasi shaharda rus bayrog‘ini hilpiratdi
- Жанр: Yangiliklar
- Смотрели: 0
- Формат: mp4
- Дата релиза: 02-10-2024, 16:48
1 oktyabr kuni rus Telegram-kanallarida rossiyalik harbiy xizmatchilarning vayron bo‘lgan binolar ustida Rossiya bayrog‘ini silkitayotgani aks etgan video chop etildi. Urushdan oldin 14 mingdan ortiq kishi yashagan shahar butunlay vayron bo‘lgan - Ukraina barcha aholisini evakuasiya qilgan.
"Moskovskiy komsomoles" gazetasining yozishicha, Ugledar Ukraina qo‘shinlarining 72-mexanizasiyalashgan brigadasi seshanba kuni kechqurun shaharni tark etgandan so‘ng egallangan.
SHOT Telegram-kanali va rossiyaparast harbiy blogerlar Rossiya Mudofaa vazirligidan rasmiy xabar berilmagan bo‘lsa-da, Ugledar to‘liq Rossiya nazorati ostida ekanligini tasdiqladi. 1 oktyabr kuni Ukraina hukumatining mintaqadagi vakili rus qo‘shinlari Ugledar markaziga yetib kelganini tasdiqladi.
Sharqiy va janubiy jabhalar kesishmasida joylashgan Ugledarni nazorat qilish strategik jihatdan juda muhim bo‘lib, u Ukraina mudofaa chizig‘iga chuqurroq kirib borishga urinayotgan Rossiya yurishlarini yengillashtiradi. Chunki Ugledar Qrimni Donbass bilan bog‘laydigan temir yo‘l liniyasi yaqinida joylashgan. Rossiya harbiylarining navbatdagi nishoni - Ugledardan 80 km uzoqlikda joylashgan Pokrovsk.
Prezident Vladimir Putin iyul oyida Rossiyaning asosiy taktik maqsadi Ukraina janubi-sharqidagi butun Donbass mintaqasini nazorat ostiga olish ekanligini aytgandi. Ayni paytda Moskva Ukraina hududining beshdan bir qismidan sal kamroq qismini, jumladan Donesk va Lugansk viloyatlarining 80 foizini nazorat qilmoqda.