• Главная
  • »
  • Yangiliklar
  • »
  • Avstraliyada istiqomat qiluvchi vatandoshlarimiz ilk bor O‘zbekiston Mustaqilligi kunini birgalikda nishonladilar

Avstraliyada istiqomat qiluvchi vatandoshlarimiz ilk bor O‘zbekiston Mustaqilligi kunini birgalikda nishonladilar

  • Жанр: Yangiliklar
  • Смотрели: 4
  • Формат: mp4
  • Дата релиза: 04-09-2024, 09:12
O‘zbekiston elchixonasi Avstraliyaning eng yirik shahri — Sidneyda istiqomat qiluvchi vatandoshlar bilan uchrashuv tashkil qildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.

Tadbir 150 dan ortiq yurtdoshlarimizni bir joyga jamladi. Unda Avstraliyada yashayotgan mahalliy o‘zbek diasporasi tarixida Vatanimiz Mustaqilligi kuni ilk marta birgalikda nishonlandi.

Shuni ta’kidlash kerakki, hisob-kitoblarga ko‘ra, Yashil qit’ada bir necha ming O‘zbekiston fuqarosi yashaydi, ular orasida ko‘plab talabalar, olimlar va turli kasb egalari bor. Avstraliyada mamlakatimizning deyarli barcha hududlari vakillarini uchratish mumkin.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston diplomatlari mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, iqtisodiyotni yuksaltirish va fuqarolar farovonligini oshirish, jamiyatni yanada demokratlashtirish va respublikaning jahon hamjamiyatiga integrasiyalashuviga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar haqida vatandoshlarga batafsil ma’lumot berdi.

Bo‘lajak muhim siyosiy voqea — 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlariga saylovlarga alohida e’tibor qaratildi.

Diplomatlar yig‘ilganlarning ko‘plab savollariga javob berishdi hamda sayyor konsullik qabulini o‘tkazishdi. Qabul davomida fuqarolarga konsullik-huquqiy masalalar yuzasidan xizmatlar ko‘rsatildi va maslahatlar berildi.
Uchrashuv an’anaviy o‘zbek palovisiz o‘tmadi, albatta. Samarqand va Andijon havaskor oshpazlari o‘z mahoratlari bilan yig‘ilganlarni xursand qilishib, o‘z hududlarining an’anaviy palovlarini tayyorladilar.
Avstraliyada yashovchi o‘zbek diasporasi faollari bilan vatandoshlarimizni birlashtiradigan va ularning manfaatlarini himoya qiladigan jamoat tashkilotini tashkil etish va mahalliy hokimiyat organlarida qonuniy ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Yangi tuzilma, shuningdek, o‘zbekistonliklarni Vatanimizda ro‘y berayotgan eng muhim voqealar haqida xabardor qilish uchun ijtimoiy tarmoqlarda sahifalar yuritadi.
Sidneyda o‘tkazilgan bayram tadbirida ishtirok etganlar mamlakatimizning sayyohlik brendini ilgari surish, avstraliyalik hamkorlar bilan biznes, fan va madaniyat sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Avstraliyada O‘zbekistonni ommalashtirishga har tomonlama ko‘maklashishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildilar.
Vatandoshlarimiz Avstraliyada O‘zbekiston Mustaqilligi kuni birinchi marta bunday keng ko‘lamda nishonlanayotganini ta’kidlab, shunga o‘xshash tadbirlarni muntazam o‘tkazishga tayyorligini tasdiqladi. Bu esa Vatan bilan aloqalarni mustahkamlashga, xalqimizning an’analari va madaniyatini asrab-avaylashga xizmat qiladi.

Похожие salomatliklar, tush tabirlari va munajjimlar bashorati