SSV: Yurtimiz tibbiyotidagi yutuqlar jahon miqyosida e’tirof etilmoqda

  • Жанр: Yangiliklar
  • Смотрели: 3
  • Формат: mp4
  • Дата релиза: 31-08-2024, 10:46
Aholini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish maqsadida yurtimiz sog‘liqni saqlash tizimi to‘liq transformasiya qilinmoqda. Buning natijasida sohada sezilarli yutuqlarga erishilyapti.

Jumladan, O‘zbekistonda sil kasalligining oldini olish, uni erta aniqlash va davolash bo‘yicha katta natijalar qo‘lga kiritildi. Chunonchi, ushbu xastalikka qarshi kurashish uchun mas’ul bo‘lgan tibbiyot muassasalari infeksion nazorat qoidalariga binoan to‘liq rekonstruksiya qilinib, ilg‘or tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi.

Birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari qoshida “Astma va surunkali obstruktiv o‘pka kasalligi maktablari” tashkil etilib, ularda bemorlarga hayot sifatini yaxshilash, kasallik zo‘rayishining oldini olish choralari o‘rgatilmoqda.

Chaqaloqlarni xastalikka qarshi emlash 99,8 foizga yetkazildi. 2023 yilga kelib, tuberkulyoz bilan kasallanish 2010 yilga nisbatan 45 foizga, o‘lim ko‘rsatkichi esa 87 foizga kamayishiga erishildi.

2024 yil iyun oyida BMTning “Sil kasalligi bo‘yicha yuqori darajadagi yig‘ilishida olingan majburiyatlar ijrosi” mavzusidagi nufuzli xalqaro anjumani aynan O‘zbekistonda o‘tkazilishi va unda JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyugening ishtirok etishi mamlakatimizning mazkur yo‘nalishda erishgan yutuqlari e’tirofidir.

Shuningdek, ta’lim yo‘nalishida ham sezilarli natijalar qo‘lga kiritildi. Davlatimiz rahbarining “Sog‘liqni saqlash sohasida islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2024 yilda Toshkent tibbiyot akademiyasining ta’lim dasturlari xalqaro akkreditasiyadan o‘tkazildi. Uning barcha mavjud 10 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari hamda magistratura, klinik ordinatura va malaka oshirish mutaxassisliklari bo‘yicha jami 19 ta ta’lim dasturlari Butunjahon tibbiy ta’lim xalqaro standartlariga mos deb topildi.
Bundan tashqari, joriy yil Bolalar milliy tibbiyot markazi JCI sertifikatini oldi. Bu esa ushbu shifoxonada tibbiy xizmatlar sifati va bemorlar xavfsizligi eng yuqori xalqaro standartlarga javob beradi, degani. Qolaversa, tegishli davolash usullari va boshqaruv eng yuqori darajada ekanidan dalolat.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining 14 ta laboratoriya majmualari “ILAC MRA” xalqaro akkreditasiyasidan o‘tkazildi.
Immunizasiya tadbirlarining muntazam va samarali olib borilishi tufayli 1996 yildan buyon O‘zbekistonda yovvoyi polioviruslar keltirib chiqaradigan poliomiyelit kasalligi tugatildi va O‘zbekiston 2002 yilda “Poliomiyelitdan xoli hudud” sertifikatini olgan edi.
2024 yilda esa JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge tomonidan O‘zbekistonda virusli gepatitning V turi sifatli emlash natijasida eliminasiya qilinganligi bo‘yicha sertifikat topshirildi. Eng muhimi, mamlakatimizda vaksinalarning sifati va samaradorligi xalqaro standartlar asosida nazorat qilinadi va barcha sog‘liqni saqlash muassasalarida yuqori darajada ta’minlangan.

Похожие salomatliklar, tush tabirlari va munajjimlar bashorati