Xizmatlar sohasining rivojlanishi va ixtisoslashuvi tahlil qilindi

  • Жанр: Yangiliklar
  • Смотрели: 4
  • Формат: mp4
  • Дата релиза: 22-08-2024, 10:32
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari 2024-yilning yanvar-iyun oylarida shaharlarda xizmatlar sohasining rivojlanishi va ixtisoslashuvini tahlil qildi.

Mamlakatimizda respublika va viloyat bo‘ysunuvidagi 32 ta shahar mavjud bo‘lib, ularda respublika doimiy aholisining qariyb 24 foizi istiqomat qiladi. Shunga qaramay, mamlakat bo‘yicha ko‘rsatilgan jami xizmatlarning deyarli 64 foizi ushbu shaharlarning hissasiga to‘g‘ri keladi.

A.Schafran va boshqalarning fikricha, shaharlarning iqtisodiy kelajagi xizmatlar sohasiga bog‘liq bo‘lib, ularning shaharlarda ko‘rsatilish sabablarini anglash shaharlarning zamonaviy iqtisodiyotdagi funksiyasini tushunish uchun juda muhimdir.

Tadqiqotda Guver - Balassa (Hoover-Balassa coefficient) ning joylashuv koeffisiyenti asosida shaharlarning xizmatlar sohasiga ixtisoslashuv reytingi ishlab chiqildi. Joylashuv koeffisiyentning 1 dan kichik yoki katta bo‘lishi mos ravishda ixtisoslashuvning past yoki yuqori darajasini anglatadi. Tadqiqot natijalari ta’lim yo‘nalishida xizmat ko‘rsatish bo‘yicha Buxoro (3,36), Shahrisabz (2,84) va Namangan (2,67), sog‘liqni saqlash sohasida Yangiyer, Nurafshon va Guliston, yashash va ovqatlanish bo‘yicha Nurafshon, Ohangaron va Navoiy, savdo bo‘yicha Bekobod, Yangiyo‘l va Quvasoy, transport bo‘yicha Kogon, Yangiyer va Xonobod, kompyuter va maishiy tovarlarni ta’mirlashda Quvasoy, Shahrisabz va Marg‘ilon, aloqa va axborotlashtirish sohasida Toshkent, Guliston va G‘ozg‘on shaharlarining ixtisoslashuv darajasi eng yuqori ekanini ko‘rsatdi.

O‘zbekistonda 2024-yilning 6 oyida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 268,1 trln. so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 112,9 foizni tashkil etdi. Bunda, respublika va viloyat bo‘ysunuvidagi (32 ta) shahar jami ko‘rsatilgan xizmatlarning 63,6 foizini (170,1 trln. so‘m) ta’minlagan. Ushbu shaharlarda ko‘rsatilgan xizmatlarning 67,1 foizi Toshkent shahrining hissasiga to‘g‘ri keladi.

2024-yilning 1-yarmida aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi Toshkent (37,4 mln. so‘m), Urganch (17,9 mln. so‘m) va Navoiy (16,5 mln. so‘m) shaharlarida eng yuqori qiymatlarni tashkil etgan bo‘lsa, G‘ozg‘on (1,9 mln. so‘m), Shirin (2,4 mln. so‘m) va Quvasoy (3,3 mln. so‘m) shaharlari oxirgi o‘rinlardan joy oldi.
Ta’kidlash joizki, Toshkentning xizmatlar sohasidagi ulushi yildan-yilga ortib bormoqda. Mamlakatda ko‘rsatilgan xizmatlar hajmida poytaxtning ulushi 2019-yildagi 33,9 foizdan 2023-yilda 41,1 foizga yetgan. 2024-yilning yanvar-iyun oylarida Toshkent shahrida 114,4 trln. so‘mlik xizmatlar ko‘rsatildi. Bu respublika bo‘yicha ko‘rsatilgan jami xizmatlarning 42,7 foizini tashkil etadi.
Xizmat turlari kesimida tahlil qilinsa, 2024-yilning yanvar-iyun oylarida respublika va viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar ulushi transport sohasida 33,0 foizni, savdoda 57,4 foizni, aloqa va axborotlashtirishda 78,8 foizni, ta’limda 82,7 foizni, sog‘liqni saqlash sohasida 72,9 foizni, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlarda 77,4 foizni hamda kompyuter va maishiy tovarlarni ta’mirlashda 38,0 foizni tashkil etadi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, infratuzilma va kommunikasiyadagi nisbiy afzalliklar korxonalar va aholining markazga intilishiga sabab bo‘ladi va natijada, shaharlarda ta’lim, aloqa va axborotlashtirish, sog‘liqni saqlash kabi xizmatlar markazlashib boradi. Shaharlarda xizmatlar sohasi iqtisodiyotning ustuvor tarmog‘i ekani inobatga olinsa, ularda zamonaviy bozor xizmatlari, axborot texnologiyalari (IT), ta’lim, tibbiyot, yuridik, san’at, turizm, mehmonxona va umumiy ovqatlanish hamda transport xizmatlarini rivojlantirish “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida maqsad qilingan urbanizasiya darajasini 51 foizdan 60 foizga oshirishga xizmat qiladi.

Похожие salomatliklar, tush tabirlari va munajjimlar bashorati