Superligada “Paxtakor” chempionlik kurashiga qo‘shildi

  • Жанр: Yangiliklar
  • Смотрели: 5
  • Формат: mp4
  • Дата релиза: 20-08-2024, 11:16
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 16-turiga "Navbahor" - "Bunyodkor" jamoalari o‘rtasidagi bellashuv yakun yasab berdi.

Namangandagi “Markaziy” stadionida o‘tkazilgan ushbu uchrashuvning 8-daqiqasida “Bunyodkor” klubi a’zosi Andriya Filipovich gol urib, hisobni ochgan bo‘lsa, oradan o‘n daqiqa o‘tib Jamshid Iskanderov burchak to‘pini to‘g‘ri darvozaga joylab qo‘ydi. Ikkinchi bo‘limning 60-daqiqasida "Navbahor" darvozasiga penalti belgilandi hamda bu imkoniyatdan Temurxo‘ja Abduxoliqov unumli foydalandi. 90+10-daqiqada esa "Bunyodkor" darvozasi tomon belgilangan penaltini J.Iskanderov aniq bajardi va hisobni 2:2 ko‘rinishiga olib keldi. Shu tariqa ikki jamoa 2:2 hisobidagi durangga imzo chekib, bir ochkodan bo‘lishib oldi.

Mazkur turning eng qiziqarli uchrashuvlaridan biri «Andijon» va «Surxon» o‘rtasida o‘tdi. Unda kutilmaganda “Surxon” safarda o‘ynagan bo‘lsa-da 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. Ushbu o‘yin garchi yomg‘ir ostida o‘tgan bo‘lsada, «Bobur arena» stadioniga 7 ming 852 nafar muxlis tashrif buyurdi.

Poytaxtimizdagi «JAR» stadionida o‘tgan Toshkent derbisida «Paxtakor» kutilganidek 3:1 hisobida «Lokomotiv» jamoasini dog‘da qoldirdi. Mazkur turdan o‘rin olgan "Qizilqum" - "Nasaf" klublari o‘rtasidagi o‘yin 0:1 hisobida yakunlangan bo‘lsa, “OKMK” safarda "Dinamo" klubiga 2:3 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. "Olimpik" – «So‘g‘diyona» bahsida 0:1 hisobi qayd etildi. Olmaliq shahridagi «OKMK» sport majmuasida o‘tkazilgan «Metallurg» – «Neftchi» klublari o‘rtasidagi o‘yinda hisob ochilmadi.

Ushbu turdan so‘ng, Superliga to‘purarlari orasida Lyupche Doriyev (“So‘g‘diyona”) 10 ta gol bilan yaqqol peshqadamga aylanib oldi. Uni Dragan Cheran (“Paxtakor”) va Toma Tabatadze (“Navbahor”) 8 ta gol bilan ta’qib etmoqda. O‘tgan 16 turda golli uzatmalar uzatish borasida “Andijon” klubi a’zosi Bektemir Abdumannonov 7 ta to‘p uzatma bilan hamon yetakchilik qilmoqda.

Superliganing 16-tur uchrashuvlaridan so‘ng jadvalda “Nasaf” klubi 15 o‘yin o‘tkazib, 32 ochko jamg‘argan holda yaqqol peshqadamga aylandi. Ushbu klubdan bitta o‘yin ko‘p o‘tkazgan “OKMK” jamoasida esa 29 ochko bor va ular ikkinchi o‘ringa joylashdi. Ular ortidan 15 ta o‘yin o‘tkazgan “So‘g‘diyona” 27 ochko bilan, “Paxtakor” esa 25 ochko jamg‘arib, 3-4 o‘rinlarda bormoqda. “Neftchi” esa 23 ochkoni qo‘lga kiritgan holda kuchli beshlikdan o‘rin olgan.
Shuningdek, “Surxon” 22, “Navbahor” va “Olimpik” 20, “Andijon” 19 ochko, “Qizilqum” 18 ochko to‘plagan holda kuchli o‘nlikka joylashgan. “Dinamo” 17 ochko bilan 11-o‘rinda borayotgan bo‘lsa, “Lokomotiv” va “Bunyodkor” 12 ochko, “Metallurg” 11 ochko bilan quyi o‘rinlarda qolmoqda.
Ma’lumot o‘rnida: 14-turning qoldirilgan o‘yinlari 20-22 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda "Neftchi" - "So‘g‘diyona", "Olimpik" - "Nasaf", "Paxtakor" - "Surxon" o‘zaro raqobatlashadi. Faqatgina mazkur turda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan “Dinamo” – “Navbahor” uchrashuvi 31 dekabr kuniga qoldirildi.
Superliga bahslarining 17-tur o‘yinlari 23-26 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.

Похожие salomatliklar, tush tabirlari va munajjimlar bashorati