Inson qaysi yoshda va qay tarzda qariydi?

  • Жанр: Salomatlik
  • Смотрели: 7
  • Формат: mp4
  • Дата релиза: 20-08-2024, 09:42
Stenford universiteti olimlari odamlar hayoti davomida bir maromda qarimasligini hamda keksayish jarayoni ikki bosqichda kechishini aniqladi. Qarish bosqichlari yaqinlashganda to‘satdan sog‘liqda muammolar, jumladan yurak-qon tomir va tayanch-harakat tizimida kasalliklar paydo bo‘ladi.

AQShda o‘tkazilgan tadqiqotda 25 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan 108 nafar ko‘ngilli shaxslar ishtirok etdi. Bir necha yil davomida ular har oyda qon va axlat, shuningdek, teri, burun va og‘iz shilliq qavatidan namunalarni topshirishdi. Olimlar ishtirokchilarning tanasida mavjud bo‘lgan 135 mingga yaqin turli molekulalar va mikroorganizmlarni tahlil qildi. Natijada 246 milliarddan ortiq ma’lumot yig‘ildi va yig‘ilgan ma’lumotlar asosida izlanishlar olib borildi.

Aniqlanishicha, inson salomatligidagi keskin o‘zgarishlar ikki bosqichda: birinchisi o‘rtacha 44 yoshda, ikkinchisi esa 60 yoshda sodir bo‘ladi. Tadqiqotchilarni keksayishning birinchi bosqichi ko‘proq taajjublantirdi, chunki ikkala jinsdagi insonlarda qarish jarayoni bir xil vaqtda boshlangan edi.

Dastlab olimlar ayollarning qarishi menopauzadan avvalgi o‘zgarishlar bilan bog‘liq, deb o‘ylagan, ammo qarama-qarshi jins vakillarida o‘tkazilgan testlar bir xil natija bergan.

“Ehtimol, erkaklarda ham, ayollarda ham yoshdagi o‘zgarishlarga ta’sir qiluvchi boshqa muhimroq omillar ham mavjud”, deydi tadqiqot mualliflaridan biri Syaotao Shen.

Qarishning birinchi bosqichida yurak-qon tomir kasalliklari bilan bog‘liq molekulalarda va organizmda alkogol, kofein va lipidlarning singish jarayonida katta o‘zgarishlar yuz beradi. Ikkinchi bosqichda uglevod almashinuvi, buyraklar faoliyati va immunitetni tartibga solish uchun mas’ul bo‘lgan molekulalar zararlanadi. Teri va mushaklar esa ikkala bosqichda birdek qariydi.
Olimlar qayd etishicha, ishtirokchilardan olingan biologik namunalar hajmi va soni kamlik qiladi va qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazish talab etiladi. Bunday natijalar inson tanasining vaqt o‘tishi bilan qanday o‘zgarishini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Похожие salomatliklar, tush tabirlari va munajjimlar bashorati