AQSh Google’ni bo‘lib tashlamoqchi

  • Жанр: Yangiliklar
  • Смотрели: 3
  • Формат: mp4
  • Дата релиза: 16-08-2024, 06:22
AQSh monopoliyaga qarshi kurashish idoralari Google korporasiyasini bir nechta alohida kompaniyaga bo‘lib tashlash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Gap Chrome internet-brauzeri, Android operasion tizimi va AdWords kontekst reklama tizimi haqida ketmoqda. Agarda bu amalga oshsa, bozorni monopollashtirishda ayblanib, bo‘lib tashlangan so‘nggi 40 yilda birinchi yirik Amerika kompaniyasi bo‘ladi.

5 avgust kuni AQShning Kolumbiya okrugi sudi federal sudyasi Amit Mexta Google kompaniyasi onlayn qidiruv tizimi bozoridagi monopoliyasini saqlab qolish uchun noqonuniy faoliyat yuritgani to‘g‘risida qaror chiqardi. Google apellyasiya berish niyatida, ammo Mexta ishning keyingi bosqichiga tayyorgarlik ko‘rishni buyurdi, bunda hukumatning raqobatni tiklash bo‘yicha takliflari ko‘rib chiqiladi.

Shundan so‘ng Adliya vazirligi Google’ni bo‘lib yuborish bo‘yicha talab qo‘yish imkoniyatini faol ko‘rib chiqa boshladi. Vazirlik asosan, dunyoda 2,5 milliarddan ortiq qurilmada foydalaniladigan Android operasion tizimini alohida kompaniyaga ajratish g‘oyasini muhokama qilmoqda.

Sud qarorida keltirilishicha, Google’ga egalik qiluvchi Alphabet INC kompaniyasi boshqa texnologik gigantlarga o‘z qidiruv tizimi smartfon va brauzerlarga standart variant sifatida o‘rnatilishi uchun 26 milliard dollar to‘lagan, bu orqali kompaniya raqobatchilarining bozorda muvaffaqiyatga erishishiga imkoniyat qoldirmagan.

The New York Times’ning yozishicha, mazkur qaror hukumatning monopoliyaga qarshi boshqa, masalan, Apple, Amazon va Meta’ga nisbatan da’volariga jiddiy ta’sir ko‘satgan. Ta’kidlanishicha, Google’ning monopolist deya tan olinishi yirik texnologik kompaniyalar hukmronligiga chek qo‘yishning boshlanishi bo‘lishi mumkin.


Похожие salomatliklar, tush tabirlari va munajjimlar bashorati