Meshal Barsham: «Akamni namuna o‘rnida ko‘rib, u kabi oldinga intildim»

  • Жанр: Futbol yangiliklari
  • Смотрели: 7
  • Формат: mp4
  • Дата релиза: 27-03-2024, 23:42
Osiyo chempionati-2023 g‘olibi va turnirning eng yaxshi darvozaboni Meshal Barsham JCH-2026|OK-2027 qo‘shma saralashidan o‘rin olgan navbatdagi o‘yinlar arafasida FIFA rasmiy saytining intervyu haqidagi so‘roviga ijobiy javob berdi.

Mahoratli kiper shu tariqa Qatar milliy jamoasi muvaffaqiyatiga to‘xtaldi, JCH-2022 taassurotlarini yodga oldi va navbatdagi kvalifikasion jarayon haqida fikr bildirdi.

- Qatar milliy jamoasi so‘nggi bir necha yil davomida qit’a futboli shohsupasidan tushmayapti. Ayting­chi, Osiyo kubogidagi takroriy g‘alaba siri nima? 

- Muvaffaqiyatning asosiy sababi - bu milliy futbolimiz taraqqiyoti uchun ishlab chiqilgan yaxlit tizim. Qolaversa, milliy jamoa ham ko‘p yillardan buyon aniq yo‘nalish bo‘yicha harakatlanmoqda, yigitlar anchadan buyon birga shug‘ullanib, o‘ynamoqdalar. Ayni shu barqarorlik ortidan maydonda bir-birimizni yaxshi tushunyapmiz. Osiyo kubogini qatorasiga ikkinchi marta yutganimizda jamoaviy birdamlik katta o‘rin tutgani o‘z-o‘zidan tushunarli. Hammamiz katta maqsad sari bor kuch bilan intilamiz. Hozirda oldimizga qo‘yilgan marralarni zabt etishimizga hech nima to‘siq bo‘lolmasligini qalban his qilyapmiz. Xullas, ichki ko‘tarinkilik va yuksak ishonch murakkab o‘yinlarda ham g‘alaba qozonishimizga yordam berdi. Tabiiyki, zafar yo‘lida ayrim qiyinchiliklarni yengib o‘tishimizga to‘g‘ri keldi, ba’zi omadsizliklar ham kuzatildi. Misol uchun, JCH-2022da muxlislar kutgan natija qayd etolmadik. Muhimi, omadsiz mundialdan keyin ham tanlangan yo‘ldan chekinmadik. Chunki Qatar-2022dagi muvaffaqiyatsizlik o‘rnini tezda qoplay olishimizni bilardik. Shu asnoda birgalikda ishlashdan charchamadik, g‘alaba qozonishimizga zarracha shubhalanmadik. Xususan, Osiyo kubogida har bir o‘yinni finaldek qabul qildik. Aslida turnir chog‘i oldimizga aniq bir maqsad-marra qo‘ymadik, deylik, hal qiluvchi o‘yinga chiqishni o‘ylamadik. Shunchaki, navbatma-navbat har o‘yin­ga to‘g‘ri yondashishni ma’qul ko‘rdik. Menimcha, bu yana bir marta Osiyo chempioni bo‘lishimizda kalit vazifasini o‘tadi.

- Ispaniyalik Tintin Markes jamoani shundoq turnir starti arafasida qabul qildi. Sizningcha, u chempionlikni qo‘lga kiritish yo‘lida jamoaga aynan nima olib kirdi?

- Jamoamizning aksariyat a’zolari Aspire akademiyasi tarbiyalanuvchilari sanalishadi. Bu dargohda mashg‘ulotlar ispaniyalik murabbiylar yaxshi ko‘radigan model asosida olib boriladi. Albatta, har bir murabbiyning ish tizimi ma’lum darajada farqli, ammo umumiy uslub o‘xshash. Jumladan, Markes ham ispan murabbiylik maktabining keng tarqalgan ushbu falsafasiga moyil. Qolaversa, u bunga qadar bir necha yil Qatarda ishlagandi. Qisqasi, Tintin futbolimiz va ish uslubimizni yaxshi bilardi, kuchli va zaif jihatlarimizdan xabardor edi. Amalda murabbiy qo‘llagan taktik o‘zgarishlarga moslashishda aslo qiynalmadik. Bunda Markesning yuksak ishonchi ham katta rol o‘ynadi, albatta. Har holda, u birinchi kundanoq bizga to‘liq ishonishini ta’kidladi. Shuning barobarida uning g‘oyalariga aslo shubhalanmasligimizni so‘radi. Oxir-oqibat, hamfikr ishlab, oliy maqsadga erishdik. O‘ziga shukr.
- Osiyo kubogi lahzalarini esga olsak, shaxsan siz uchun eng murakkab vaziyat qaysi o‘yinda kuzatildi? Umuman, aynan qaysi pallada chempion bo‘lishinglarni yaqqol his qildinglar?
- Menimcha, Eron termasi bilan o‘yin eng qiyini bo‘ldi. Ayniqsa, oxirgi 10-20 daqiqa. Ochig‘i, Alirizo Jahonbaxshning golidan keyin hammasi tugagani haqida o‘ylagandim. Juda asabiy va xavotirli holat. Asosiysi, barchasini uddaladik!
- Yakunda sizni OK-2023ning eng yaxshi darvozaboni sifatida tan olishdi. Akangiz Mutaz esa balandlikka sakrash bo‘yicha Olimpiada kumush va oltin medallarini qo‘lga kiritgan. Faoliyatingizdagi g‘alabalarda uning muvaffaqiya­ti ta’siri ham bormi?
- Albatta, akamning yutuqlari menga qo‘shimcha motivasiya - qanot bag‘ishladi. U Qatar nomidan xalqaro maydonda medallar yuta boshlagan payt men juda yosh bo‘lganman. Qisqasi, hamisha akamga chin namuna sifatida qaraganman, uningdek muvaffaqiyat qozonish ilinjida tirishganman. Oddiy aytganda, Mutazning zafarlari ta’sirida o‘zimcha o‘yladim: «Nega endi men ham shunday qilolmasligim kerak? Axir ikkimizda bir xil gen bor». Asosiysi, akam hamisha meni boricha qo‘llab-quvvatladi, yana rag‘batlantirishni ham unutmadi. Qachonki nimadandir qiynalsam, u darhol yonimga kelib, imkon boricha ruhlantirardi. Shunday ekan, faoliya­timda akamning ijobiy ta’siri katta, darhaqiqat.

Похожие salomatliklar, tush tabirlari va munajjimlar bashorati