Alomatlarsiz isitma: U nima sababdan chiqadi?

  • Жанр: Salomatlik
  • Смотрели: 11
  • Формат: mp4
  • Дата релиза: 05-08-2024, 18:18
Isitma — turli kasalliklar belgisi. Ammo tibbiyotda alomatlarsiz tana harorati ko‘tarilishi holatlari ham uchrab turadi. Bunday vaziyatda yanglish tashxis va noto‘g‘ri muolaja bemorning salomatligini xavf ostida qoldirishi mumkin.

Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ilmira Razikova xuddi shunday patologiyalardan biri — dori isitmasi haqida ma’lumot berdi.

— Har bir inson organizmi individual xususiyatga ega, — deydi mutaxassis. — Shu sababli bir dori vositasi ikki bemorga ikki xil ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Biri shu malham tufayli kasallikdan xalos bo‘lsa, boshqasi salomatligini xavf ostida qoldirishi hech gap emas.

Dori isitmasi organizmning qabul qilingan ma’lum preparatlarga nisbatan javob reaksiyasi sifatida namoyon bo‘ladi. Bundan asosan o‘zboshimchalik bilan, shifokor tavsiyasisiz turli dori-darmonlarni qo‘llovchilar aziyat chekishi ehtimoli katta.

Bunday sindrom odatda ma’lum bir dorini qabul qila boshlagandan so‘ng 7-10-kunlar oralig‘ida yuzaga keladi. Bemor doimiy yoki vaqti-vaqti bilan ko‘tarilib turuvchi isitmadan aziyat chekadi.

Oqibatda bora-bora tana harorati 39-40 darajaga yetib, kuchli titroq paydo bo‘ladi. Qon tarkibida eozinofillar (leykositlar) soni ortib ketishi kuzatiladi.
Vaqt o‘tishi bilan isitmadan tashqari tanada dorilarga nisbatan yuqori sezuvchanlik alomatlari bo‘lgan eshakemi, purpura, qizil toshmalar paydo bo‘ladi.
Ba’zi hollarda mazkur patologiya yanada og‘irroq asoratlar — arterit, eksfoliativ dermatit, gemolitik anemiya, qonda trombositlar miqdori kamayishi bilan kechadi. Bunday simptomlar toki o‘sha preparatni qo‘llash to‘xtatilgunga qadar davom etadi.
Biroq tibbiy amaliyotda dori isitmasini aniqlash birmuncha murakkab jarayon. Buni barcha shifokorlar ham to‘g‘ri tashxislay olmaydi. Oqibatda noto‘g‘ri buyurilgan muolaja ayrim dorilarga yuqori sezuvchanligi bo‘lgan bemorlar ahvolini yanada og‘irlashtirib yuborishi xavfi mavjud.
Ko‘pincha dori isitmasiga sulfanilamidlar, antibiotiklar, talvasa (sudorogi) va yallig‘lanishga qarshi preparatlar, zardoblar, yurak-qon tomir hamda markaziy asab tizimiga ta’sir ko‘rsatuvchi dorilar hamda tarkibida yod saqlovchi kontrast moddalar sabab bo‘ladi.

Похожие salomatliklar, tush tabirlari va munajjimlar bashorati