Ko‘p kvartirali uylarning konstruksiyalarini buzish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi

  • Жанр: Yangiliklar
  • Смотрели: 12
  • Формат: mp4
  • Дата релиза: 26-03-2024, 16:32
Qonun loyihasining ahamiyati, zarurati va unda nazarda tutilayotgan tartiblar haqida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi rahbari o‘rinbosari Azlar Sodiqov ma’lumot berdi:

– Bugungi kunda respublikamizda barpo etilayotgan va qayta ta’mirlanayotgan bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirishda tashkilotlarning mas’uliyatini oshirish, shaharsozlik qonunchiligida belgilangan talablarga qat’iy rioya etish borasida nazorat qilishni kuchaytirish hamda sodir etilgan huquqbuzarlik va jinoyatga jazo ta’sirchanligini oshirish zarurati yuzaga kelmoqda.

Raqamlarga to‘xtalsak, 2019 yilda 71,1 trillion so‘mlik, 2020 yilda 88 trillion so‘m, 2021 yilda 107,4 trillion so‘m, 2022 yilda 130,7 trillion so‘m, 2023 yilda 149,9 trillion so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan. Ushbu jarayonlarni nazorat qilish davomida 2019 yilda 29 ming 414 ta, 2020 yil 25 ming 10 ta, 2021 yilda 31 ming 90 ta, 2022 yilda 32 ming 5 ta, 2023 yilda 35 ming 198 ta, shu yilning 2 oyi davomida 23 ming 676 ta ob’ekt ro‘yxatga olinib, davlat nazorati o‘rnatilgan.

Qurilish tashkilotlarining mas’uliyatini oshirish, nazoratni kuchaytirish, qonunbuzilishlarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish lozim. Amaldagi ma’muriy javobgarlik ta’siri past bo‘lganligi bois shaharsozlik qoidalarini buzish holatlari ko‘paymoqda. Bino foydalanishga topshirilmasdan turib, xonadonlarga kirib yashash, bosh rejalarni buzish holatlari mavjud. Ko‘p kvartirali uylarni o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish va rekonstruksiya qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmagan.

Shundan kelib chiqib, qonun loyihasi bilan shaharsozlikka oid qonunchilik talablarini buzganlik uchun jinoiy va ma’muriy javobgarliklarni kuchaytirish taklif etilmoqda. Shuningdek, inspeksiya yoki sudlarda sodir etilishi mumkin bo‘lgan korrupsiyaning oldini olish maqsadida ma’muriy jarimalar miqdorini yagona qilib belgilash, ya’ni amaldagi ma’lum bir summadan ma’lum summagacha degan normadan voz kechish taklif etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-prosessual kodekslariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, Jinoyat kodeksining amaldagi 229/3-moddasining sanksiyalari kuchaytirilib, bosh rejalarga zid ravishda qurganlik, foydalanishga qabul qilish qoidalarini buzganlik, ko‘p kvartirali uylarning yerto‘la va birinchi va qavatidagi konstruksiyalarni buzganlik va ruxsat olmasdan qurganlik uchun jinoiy javobgarliklar belgilanmoqda. Ushbu jinoyatlar uchun 229/3-moddada ma’muriy jazo qo‘llanilganidan so‘ng, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki shu muddatga ozodlikni cheklash, ozodlikdan mahrum qilish, odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa yoki boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelsa, 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosini qo‘llash taklif etilmoqda, – dedi ma’ruzachi.
Qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi shaharsozlik faoliyati sohasida ko‘payib borayotgan noqonuniy qurilishlarning oldini olishga, tasdiqlangan bosh rejalarga rioya etilishini ta’minlashga, aholining sog‘ligi, hayoti va xavfsizligini ta’minlashga, qurilish sifatini oshirish, sodir etilgan huquqbuzarliklarni kamaytirib, jazoning ta’sirchanligini oshirishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi, qator savollar o‘rtaga tashlandi va mas’ullardan tegishli javoblar olindi. Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Похожие salomatliklar, tush tabirlari va munajjimlar bashorati