Prezident iftorlikda ishtirok etdi

  • Жанр: Yangiliklar
  • Смотрели: 18
  • Формат: mp4
  • Дата релиза: 25-03-2024, 22:22
Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 mart kuni butun mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilgan iftorlikda ishtirok etdi.

Xalqimiz hayoti va ma’naviyatida Islom dinining o‘rni beqiyos. Yurtimiz musulmonlari muqaddas aqidalarga amal qilib, ezgu an’analarni davom ettirib kelmoqda.

Bu yil ham elimiz ma’naviy poklik, xayru saxovat ayyomi bo‘lgan Ramazon oyini katta xursandchilik bilan kutib oldi. Masjidlarda Qur’oni karim xatm qilinib, yurtimizga fayzu baraka yog‘moqda. Jamiyatimizda do‘stlik-birodarlik, mehr va saxovat tuyg‘ulari kuchaymoqda. Odamlar bir-biriga yanada mehr-oqibatli bo‘lib, bemorlar va keksalar, yordamga muhtoj insonlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish tobora kengaymoqda.

Bugungi muborak oqshomda yurtimizning barcha hududlarida, viloyat, shahar va tumanlardagi hamma mahallalarda iftorlik dasturxonlari yozildi. Namangan viloyatidagi ehsonga Farg‘ona va Andijon viloyati nuroniylari ham tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari mamlakatimiz musulmonlarini Ramazon oyi bilan yana bir bor tabrikladi.

– Bugun barchamiz – muhtaram ulamolarimiz va nuroniylarimiz, jamoatchiligimiz vakillari birgalikda iftor qilmoqdamiz. Yagona, ahil oila bo‘lib yashayotgan ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi bugun go‘yoki bir dasturxon atrofida jam bo‘lib o‘tiribdi. O‘ylaymanki, bu savobli tadbir inson qadrini ulug‘lashga, o‘sib kelayotgan yoshlarimizni mana shunday olijanob ruhda tarbiyalashga xizmat qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident bu ishlarga hissa qo‘shayotgan iymon-diyonatli, saxovatli yurtdoshlarimizga tashakkur aytdi.
Chindan ham, xalqimiz azal-azaldan bir-biriga tayanch bo‘lib, mehr-muruvvat ko‘rsatib yashashni odamiylikning oliy mezoni deb biladi. Ayni shu olijanob fazilatlar bizlarni doimo yagona xalq, yagona millat etib birlashtiradi, hayot sinovlari va qiyinchiliklarini yengib o‘tishda beqiyos kuch-quvvat beradi.
Keyingi yillarda xorijda o‘qiyotgan va ishlayotgan vatandoshlarimizga ham munosabat o‘zgardi. Ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha salmoqli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, ularni Vatanimizga qaytarish, ish o‘rni va daromad manbai bilan ta’minlash, oila a’zolari va farzandlarini ijtimoiy himoyalash yuzasidan muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Yaqinda 40 dan ziyod ulamolar Rossiya, AQSH, Janubiy Koreya, Turkiya, Misrga safarga yuborildi. U yerlardagi vatandoshlarimizni dinu diyonatga da’vat etish bilan birga, hozirgi tahlikali vaziyatda ogoh bo‘lib, qonunlarni hurmat qilish, yomon yo‘llarga kirmaslik zarurligi haqida suhbatlar qilishdi.

Похожие salomatliklar, tush tabirlari va munajjimlar bashorati