Trampning prezident saylovida qatnashishi so‘roq ostida

  • Жанр: Yangiliklar
  • Смотрели: 15
  • Формат: mp4
  • Дата релиза: 22-03-2024, 21:58
Tramp Floridada ham g‘olib chiqishi tayin, chunki shu shtatda yashaydi va o‘zi ham ovoz beradi.Demokratlar bir ovozdan Baydenni qo‘llaydi, shu bois shtat praymerizidan voz kechib qo‘ya qolindi.

Partiya ichida bo‘ladigan saylov – praymeriz va kokusda da’vogarlar qancha delegat olishi aniqlanadi.

Xullas, har ikki da’vogar yetarli delegat bilan ta’minlab bo‘lgan. Endi ularning nomzodligi tegishli partiyaning yozgi qurultoyida rasman e’lon qilinadi.

Bir qarashda “qariya-da’vogarlar” barcha to‘siqlardan o‘tib olgandek. Har holda Bayden uchun shunday. Binobarin, Tramp oldida yangi-yangi muammolar paydo bo‘layotgani uning prezident saylovida ishtirok etishini so‘roq ostida qoldirmoqda. Milliarder-nomzodga nisbatan to‘rt jinoiy ish doirasida jami 90 dan ortiq ayblov e’lon qilingan. Tramp bu jarayonni “demokratik hukumat a’zolari uning Oq uyga qaytishiga xalaqit bermoqchi”, deya izohlamoqda. Ayblarning eng og‘iri 20 yillik qamoq jazosini ko‘zda tutadi. Jami jazo muddatlari qo‘shilsa, aniqrog‘i ayblovlarning hammasi isbotlansa, siyosatchi “700 yil turmada o‘tirishi” mumkin. Vaholanki, Amerikada prezidentligiga bir qadam qolgan nomzod uchun qamoqxona eshigi ham uncha uzoq emasga o‘xshaydi.



So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Nyu-York sudi Trampni va uning o‘g‘illari hamda biznesdagi sheriklarini Mayamida golf maydoni va dam olish maskani, Vashington va Chikagoda mehmonxonalar qurish uchun kredit olmoqchi bo‘lib, o‘n yil davomida aktivlarini 812 milliondan 2,2 milliard dollargacha oshirib kelganlikda ayblagan. Tramp mazkur ayblov ustidan shikoyat qilishi mumkin, lekin sud qarori ustidan shikoyat xati topshirish huquqini qo‘lga kiritish uchun bir necha yuz million dollar garov puli to‘lashiga to‘g‘ri kelmoqda.
– Hakamlarning kulgili qarori ustidan shikoyat qilish huquqim uchun bir necha yuz million dollar to‘lashim kerak ekan, – deb yozdi Tramp ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. – Men apellyasiyani qariyb yutib chiqsam ham, ular qaror qabul qilishdan bosh tortmoqda. Boshqacha aytganda, shikoyat qilish huquqimni tortib olishga urinishyapti. Avvallari bunday holatni hech kim ko‘rmagan.
Trampning o‘zi tan olishicha, sud qaroridan shikoyat qilish uchun 464 million dollarni garovga qo‘yish kerak ekan, lekin u pul topolmayotganini ham yozgan. Yuristlari ma’lum qilishicha, muzokara olib borilgan 30 ta sug‘urta kompaniyasining hech biri mablag‘ uchun kafillikka rozi bo‘lmagan. Tramp bayonot berishicha, shu yo‘l bilan uning biznesini tortib olishmoqchi. Endi sobiq prezident mulkining bir qismini tezroq va arzon sotishga majbur bo‘ladi, lekin apellyasiyani yutgan taqdirda ham ushbu mablag‘ qaytarilmaydi.
Umuman, Amerikada sobiq prezident sud qilinishi mumkinmi? Bu savol ham Tramp tarafdorlari tilida bot-bot yangramoqda. Masalan, advokatlar immunitet mutlaq, ya’ni davlat rahbarining vakolati doirasidagi harakatiga taalluqli bo‘lish kerakligi hamda Trampning jinoiy ta’qibdan immunitetga ega emasligini tan olish konstitusiyaga zid ekanini uqtirib kelmoqda.
Darvoqe, AQSh Oliy sudi daxlsizlik to‘g‘risidagi da’voni 25 aprelda ko‘rib chiqishini ma’lum qilgan. Amerika poytaxtining Kolumbiya okrugi sudi avvalroq Tramp huquqiy ta’qibdan immunitetga ega emas, deya qaror chiqargan. Hujjatda Oq uy sobiq rahbari prezidentlik davrida, ya’ni 2020 yil bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida mag‘lubiyatga uchraganiga qaramay, hokimiyatni saqlab qolishga urinish hamda Kapitoliy tepaligidagi tartibsizlikda ayblanib, shu sababli huquqiy immunitetga ega emasligi ta’kidlangan. Sobiq prezidentning Oliy sudga shikoyat arizasi topshirishi ham aynan yuqoridagi ayblov qarori bilan bog‘liq. Afsuski, hozirgi hakamlarning ko‘pchiligi konservatorlar. Ular, odatda, ko‘p yillik an’analarga sodiq, o‘zgarishlarga yon beravermaydi.

Похожие salomatliklar, tush tabirlari va munajjimlar bashorati