“Andijon – Xonobod” yo‘lovchi poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yildi

  • Жанр: Yangiliklar
  • Смотрели: 42
  • Формат: mp4
  • Дата релиза: 22-03-2024, 16:00
“Andijon” temiryo‘l vokzalidan “Andijon-Xonobod” yo‘nalishida birinchi yo‘lovchi poyezdi harakatini boshladi. Bayramona kayfiyatda yo‘lga chiqqan nuroniylar, ijodkorlar, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari mazkur poyezdning ilk yo‘lovchisiga aylandi.

– Andijondan Xonobod shahriga yo‘lovchi poyezdning qo‘yilishi andijonliklar uchun haqiqiy bayram sovg‘asi bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi mutaxassisi Zaynobiddin Qodirov. – Ushbu poyezd nafaqat aholining uzog‘ini yaqin qiladi, balki turizm rivojlanishida ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Poyezdning 250 nafarga yaqin ilk yo‘lovchilarining qay biri bilan suhbatlashmaylik, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ulkan bunyodkorlik ishlaridan behad mamnun ekanliklarini izhor etdi.

– Chiroyli, ozoda vagonlar har qanday kishining havasini keltiradi, – deydi Andijon viloyati “Nuroniy” uyushmasi rahbari O‘ktamjon Oxunov. – Bundan, qolaversa, poyezdning ilk yo‘lovchisi ekanligimizdan har birimizning qalbimizda faxr-iftixor tuyg‘usi jo‘sh urmoqda. Eng muhimi, ushbu temir yo‘l liniyasi, shubhasiz, xonobodliklar, qolaversa, ana shu yo‘nalishdagi Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa tumanlari aholisining uzog‘ini yaqin qiladi, fuqarolarimizga katta qulaylik yaratadi.

Xonobod shahri Qoradaryoning o‘ng sohilida, viloyat sharqida, Andijon shahridan qariyb 70 kilometr uzoqlikda joylashgan. Shaharga 1972 yilda asos solingan bo‘lib, ayni paytda 50 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi, umumiy yer maydoni esa 23,4 kilometr kvadratni tashkil etadi. Xonobod o‘zining ko‘rkam manzarasi, tabiatining go‘zalligi, toza havosi bilan yurtdoshlarimizning, sayyohlarning diqqatini o‘ziga jalb qila oladigan O‘zbekistonimizning eng obod va go‘zal hududlaridan biridir.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan keyingi yillarda Xonobodni Farg‘ona vodiysining turizm markaziga aylantirish borasida juda katta hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyat markazidan Xonobod shahriga yo‘lovchi poyezdi harakatining yo‘lga qo‘yilganligi aholiga qulaylik yaratish bilan birga, turizm rivojiga ham xizmat qiladi.
Andijondan yo‘lga chiqqan poyezd ikki soatdan ortiqroq vaqtdan keyin “Xonobod” temiryo‘l vokzaliga yetib bordi. Yo‘lovchilar karnay-surnaylar bilan tantanali ravishda kutib olindi. Poyezdning ilk yo‘lovchilari uchun Xonobod shahriga bir soatlik ekskursiya tashkil etildi.
Mazkur poyezd har kuni Andijon shahridan soat 10.30 da jo‘naydi va soat 12. 43 da Xonobodga yetib boradi. Shu kuni Xonoboddan soat 14.15 da jo‘nab, 16.30da Andijonga yetib keladi.

Похожие salomatliklar, tush tabirlari va munajjimlar bashorati