Germaniyada 30 yil davomida do‘konlardan mol o‘g‘irlagan ayol ustidan sud boshlandi

  • Жанр: Yangiliklar
  • Смотрели: 44
  • Формат: mp4
  • Дата релиза: 22-03-2024, 14:26
Germaniyaning Dessau shahrida yashovchi 47 yoshli V.Grit ismli ayol so‘nggi 30 yil davomida do‘konlardan o‘g‘irlagan tovarlar bilan butun kvartirasi va yerto‘lasini to‘ldirgan. Mazkur ayol ustidan sud boshlandi, deya Bild xabar berdi.

U o‘g‘irlangan buyumlarni 1700 ta quti, sumka va qoplarda saqlagan, ularning umumiy og‘irligi 20 tonnadan ortiqni tashkil qilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘g‘irlangan barcha ashyolarning qiymati deyarli yarim million yevroni tashkil qiladi.

V.Grit hatto o‘g‘irlangan narsalarning aksariyatini qadoqdan olib tashlamagan. Uning uyidan topilgan buyumlarni olib ketish uchun polisiya chaqirgan yuk mashinasi bir necha marta qatnashiga to‘g‘ri kelgan.

Prokuratura V.Gritning harakatlarida 141 ta jinoiy huquqbuzarlikni aniqlagan. Ayol asbob-uskunalar, kiyim-kechak, o‘yinchoqlar, changyutgichlar, dori-darmonlar va hatto urug‘larni o‘g‘irlagan. Gritning birinchi jinoyatlari 2019 yilda, DIY do‘koni 1000 yevrodan ortiq qiymatdagi tovarlar o‘g‘irlangani haqida ariza berganida ma’lum bo‘lgan.

Ayblanuvchi yolg‘iz yashaydi, uning na eri, na bolalari bor. Shu bilan birga, Grit hech qachon o‘g‘irlangan narsalarni qayta sotishga urinmagan, ularni kvartirada va yerto‘lada saqlagan. Dastlabki tibbiy tekshiruvga ko‘ra, ayol patologik obsessif-kompulsiv buzilishdan (psixologik kasallik turi) aziyat chekadi. Sud ayblanuvchini ixtisoslashtirilgan psixiatriya muassasasiga yuborish masalasini ko‘rib chiqmoqda.




Похожие salomatliklar, tush tabirlari va munajjimlar bashorati