Farmasevtika sohasi yanada rivojlanadi

  • Жанр: Salomatlik
  • Смотрели: 21
  • Формат: mp4
  • Дата релиза: 27-05-2024, 11:40
Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimida sog‘liqni saqlash sohasi alohida o‘rin tutadi. Zero, har qanday mamlakatning eng katta boyligi xalqining salomatligidir. Shu bois, keyingi yillarda mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlarda bo‘lgani kabi aholini dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiy texnika bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ham kompleks chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan, aholi hamda sog‘liqni saqlash muassasalarini arzon va sifatli farmasevtika mahsulotlari bilan ta’minlashni yaxshilash, farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirishning huquqiy mexanizmlarini tartibga solishga qaratilgan 50 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Ammo tahlillar bugun aholimizning barcha qatlami ushbu sohada yaratib berilgan imtiyoz va xizmatlardan to‘laqonli va unumli foydalana olayaptimi degan savolni so‘roq ostida qoldirmoqda. Boisi, ayrim qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlar ushbu sohada yaratib berilayotgan imtiyoz va rag‘batni xalqning, tadbirkorlarning og‘irini yengil qilish uchun imkoniyat deb emas, aksincha mo‘may pul topish uchun qulay vaziyat deb baholashi natijasida ayrim holatlarda aholining haqli e’tirozlari ham bildirilmoqda.

Shu o‘rinda raqamlar tahliliga qaralsa, respublikamizda 2018 yilda 10 ming 764 ta dorixona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, hozirga kelib bu ko‘rsatkich 16 mingdan ortiqni tashkil etmoqda. Ya’ni dorixonalar soni deyarli 40 foizga ortgan. Mamlakatda o‘rtacha 2300 nafar aholiga bitta dorixona to‘g‘ri keladi.

Bu ko‘rsatkich xorijiy davlatlarga qiyoslanganda bitta dorixona Daniyada 18,5 ming, AQShda 5,3 ming, Buyuk Britaniyada 4,96 mingta, Germaniyada 3,97 ming, Turkiyada 3,36 ming aholiga to‘g‘ri keladi. Ko‘rib turganimizdek, O‘zbekistonda ushbu ko‘rsatkich juda ham katta tafovutni tashkil qilib, dorixonalar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Raqamlar chuqurroq tahlil qilinganda dorixonalar soni olis hududlarda aholining og‘irini yengil qilish, masofasini qisqartirish uchun emas aksincha, shahar markazlarida farmasevtika va tibbiyot xodimlari orasidagi yashirin kelishuvlar asosida tashkil etilayotganini ko‘rsatmoqda.

Bu kabi salbiy holatlarni bartaraf etish hamda aholining arzon va sifatli dori vositalariga bo‘lgan ehtiyojini to‘laqonli ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida ham bir qator vazifalar belgilangan. Jumladan, farmasevtika sohasida dori vositalariga ehtiyojni 70 foizga ichki ishlab chiqaruvchilar hisobiga qoplash, dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklarni yetishtirish va ko‘paytirish bo‘yicha har yili 25 ming gektar maydonda madaniy plantasiyalarni tashkil etish reja qilingan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish orqali ish o‘rinlari yaratish, sifati kafolatlangan dori vositalarini ishlab chiqarish, dorilar narxining asossiz oshirilishiga chek qo‘yishdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan farmasevtika tarmog‘ida erishilayotgan natijalar va istiqbolli rejalarga oid taqdimotda ham sohada erishilgan natijalar tanqidiy tahlil qilinib, galdagi vazifalar belgilab berildi.
Xususan, yil boshidan buyon sohadagi yangi loyihalar uchun 100 million dollar arzon resurs ajratilgani, bundan tashqari, Asaka bank tomonidan 200 million dollar jalb qilingani e’tirof etildi. Bu imkoniyatlar natijasida o‘tgan 4 oyda 30,5 million dollarlik ikkita loyiha ishga tushirilib, 160 ta ish o‘rni yaratildi. 1,5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 51 million dollarlik eksport amalga oshirilgan.
Ammo, yaratib berilgan imkoniyat va huquqiy kafolatlar tahlil qilinsa, hali ishga solinmagan imkoniyatlar bisyor ekanligini ko‘rish mumkin. Shu bois, yil oxiriga qadar 400 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarish, eksportni 200 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. 2 milliard dollarlik 147 ta loyiha boshlanib, shundan 28 tasi joriy yilda ishga tushirilishi belgilangan. 450 turdagi yangi mahsulotni mahalliylashtirish rejalashtirilgan.
Ushbu rejalarning amalga oshirilishi mahalliy mahsulotlar bilan ichki bozor talabini qondirish darajasini oshirish imkonini beradi. Albatta, bu jarayonda ishlab chiqarishni xalqaro standartlarga o‘tkazish, narx va sifat mutanosibligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratish zarur. Shu maqsadda sohada raqamlashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilib, bu yil raqamlashtirish ko‘rsatkichi 65 foizga, 2025 yilda esa 100 foizga yetkaziladi. Sohaning raqamlashtirilishi nafaqat tizim shaffofligini, qolaversa narx-navoni ham kamida 20 foizga arzonlashtirish imkonini beradi.

Похожие salomatliklar, tush tabirlari va munajjimlar bashorati