Bugun «Menejerlik o‘quv kurslari»ning ilk 64 nafar bitiruvchilariga sertifikat topshirildi

  • Жанр: Yangiliklar
  • Смотрели: 14
  • Формат: mp4
  • Дата релиза: 19-03-2024, 22:50
O‘zbekiston Respublikasi Prezidiyentining 2023 yil 26 maydagi 79-son Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2023- yil 25 dekabrdagi 681-son qaroriga muvofiq, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshchiligida A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti tomonidan umumta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni tayyorlash, liderlik va zamonaviy boshqaruv qobiliyatlarini shakllantirish, jamoada ishlash va ota-onalar bilan muloqot qilish, moliyaviy savodxonlik hamda axborot-kommunikasiya texnologiyalari bo‘yicha ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan «Menejerlik o‘quv kurslari» tashkil etildi. Joriy yilning 1 fevral sanasidan «Menejerlik o‘quv kurslari» o‘quv jarayonini boshlashga bag‘ishlangan tadbirda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri H.Umarova boshchiligida kurslarga start berildi. Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni tayyorlash maqsadida tashkil etilgan mazkur kurs davomida nomzodlar maktabda o‘quv-tarbiya jarayonini boshqarish, ta’lim menejmenti, o‘zini va o‘qituvchilarini kasbiy rivojlantirish, inson resurslarini boshqarish, ish yuritish va hisobot, jamoatchilik va ota-onalar bilan o‘zaro munosabat/hamkorlik modullari asosida o‘qitildi. Menejerlik o‘quv kurs tinglovchilari uchun Toshkent shahridagi belgilangan tayanch maktablar va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida «Maktab amaliyot» mashg‘ulotlari ham olib borildi. Bunda tinglovchilar auditoriyada o‘rgangan nazariy va amaliy bilimlarini bevosita amaliyotda qanday bajarilishi va rasmiylashtirilishi, ya’ni boshqaruvga doir bilim, ko‘nikmalarni o‘zlari ishtirokida o‘rganib, tajribaga ega bo‘ldilar. Kurs yakunida tinglovchilar mazkur modullar bo‘yicha yakuniy sinovlarni (test, keys hamda amaliy topshiriqlar)ni topshirdilar. Bugun, 19 mart sanasida fevral oyida tashkil etilgan «Menejerlik o‘quv kurslari»ning muvaffaqiyatli yakunlanishi munosabati bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan nomzodlarga menejerlik sertifikatlarini topshirish tadbiri tashkil etilmoqda. Kursni muvaffaqiyatli yakunlagan 64 nafar nomzod bitiruvchilarga sertifikatlar topshiriladi. Eslatib o‘tamiz, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan umumta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlar – menejerlarni tayyorlash kurslarining dastlabki bosqichi tajriba-sinov tariqasida joriy yilning 5-27 iyun kunlari A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot institutida o‘tkazildi. Tajriba-sinov tariqasida tashkil etilgan menejerlik o‘quv kursining 50 nafar bitiruvchilari sertifikatga ega bo‘ldilar. Joriy yilning 17-19 yanvar kunlari Menejerlik o‘quv kurslarida dars mashg‘ulotlarini olib boradigan trenerlar uchun seminar trening ham tashkil etildi. Dastlabki bosqich tajriba-sinov natijalari, professor-o‘qituvchilar va tinglovchilar fikridan kelib chiqib, joriy yilning fevral oyidan boshlab A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti tomonidan umumta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni tayyorlash o‘quv kurslariga start berildi. Kurs davomida nomzodlar o‘quv dasturi asosida ta’lim menejmenti, ta’lim muassasasini rivojlantirish va o‘quv-tarbiya jarayonini boshqarish, o‘zini-o‘zi va o‘qituvchilarni kasbiy rivojlantirish, inson resurslarini boshqarish, ish yuritish va hisobot, jamoatchilik va ota-onalar bilan o‘zaro munosabat/hamkorlik modullari bo‘yicha o‘qitildi. O‘quv kurslarining hajmi 144 soatdan iborat bo‘lib, bir oy davom etdi hamda ishlab chiqarishdan ajralgan holda tashkil etildi. Menejerlik o‘quv kurs mashg‘ulotlari oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tadqiqot muassasalari, shuningdek, xususiy va xorijiy oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar tomonidan olib borildi. Mazkur o‘quv kurslarining o‘quv reja va dasturlari Angliya, Yaponiya, Finlandiya kabi xorijiy davlatlar tajribasini o‘rgangan holda 6 ta modul asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, bo‘lajak maktab direktorlarining zaruriy boshqaruvga oid bilim va ko‘nikmasini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Kursga qabul har oyda amalga oshiriladi. 144 soatdan iborat bir oylik o‘quv kurs yakunida nomzodlar test, keys hamda amaliy topshiriqlardan iborat bo‘lgan yakuniy sinovlarni topshirishi lozim bo‘ladi. Yakuniy sinovlardan belgilangan ballni to‘plagan nomzodlar kursni muvaffaqiyatli tugatgan hisoblanadi va ularga menejerlik sertifikati beriladi. 2024 yil 1 sentyabrdan boshlab — menejerlik sertifikatiga ega umumiy o‘rta ta’lim muassasalari rahbar hodimlariga sertifikat amal qilish muddati davomida lavozim maoshiga har oylik qo‘shimcha ustamalar quyidagi miqdorlarda to‘lanadi:

maktab direktorlariga – 50 foiz;

direktor o‘rinbosarlariga – 30 foiz.

Eslatib o‘tish joizki, qarorga ko‘ra, direktor lavozimiga nomzodlar va direktorlarni o‘qitish begilangan bo‘lib, 16 yanvardan boshlab maxsus portali orqali direktor lavozimiga nomzodlar uchun o‘quv kurslariga ro‘yxatga olish amalga oshirildi. Direktorlarni esa, keyinchalik, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan reja-taqsimot asosida o‘qitilishi haqida alohida axborot beriladi.




Похожие salomatliklar, tush tabirlari va munajjimlar bashorati