Prezident Shavkat Mirziyoyev geologiya sohasi xodimlariga tabrik yo‘lladi
- Жанр: Yangiliklar
- Смотрели: 0
- Формат: mp4
- Дата релиза: 04-04-2026, 21:01
Quyida tabrik matni bilan to‘liq tanishish mumkin.
«Qadrli do‘stlar!
Avvalo, siz, azizlarni – ko‘pmillatli geologlar, muhandis va mutaxassislar, ishchi va xizmatchilar jamoasini qutlug‘ kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Ushbu quvonchli ayyomda sizlarning murakkab tabiiy sharoitlarda fidokorona mehnat qilib, yangi-yangi konlar, mineral xomashyo manbalarini topish, ularni mamlakatimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo‘lida ishlatish borasidagi ulkan xizmatlaringizni yana bir bor minnatdorlik bilan e’tirof etamiz.
Ana shunday sa’y-harakatlaringiz tufayli yurtimizda umumiy bahosi taxminan 3 trillion dollarga teng 2 ming 500 dan ortiq kon va 3 mingdan ziyod istiqbolli maydonlar aniqlangani O‘zbekiston ulkan qazilma boyliklar xomashyo bazasiga ega ekanidan dalolat beradi.
Keyingi yillarda ana shu zaxiralarni o‘zlashtirish va shu asosda iqtisodiyotimiz rivojiga qudratli turtki berish bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Jumladan, sohaga xalqaro standartlar joriy etilib, investisiyaviy jozibadorlik oshirilmoqda, oltin, kumush, mis, uran, uglevodorod konlari va maydonlari xorijiy sarmoyadorlar uchun ham taqdim etilmoqda, soliq stavkalari pasaytirilmoqda. Shu bois dunyodagi eng nufuzli kompaniyalar mamlakatimizga faol investisiya kiritmoqda. Hozirgi vaqtda ular bilan hamkorlikda umumiy qiymati 30 milliard 700 million dollar bo‘lgan 90 ta loyiha amalga oshirilayotgani diqqatga sazovordir.
Bugungi kunga qadar 1 ming 458 ta foydali qazilma ob’ekti onlayn auksion orqali sotildi. Buning hisobidan davlat byudjetiga 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ tushdi, 100 mingga yaqin yuqori daromadli yangi ish o‘rinlari yaratildi.
So‘nggi o‘n yilda davlat byudjetidan 8 trillion 200 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgani 2 mingga yaqin texnika va texnologiyalarni joriy etish, geologiya-qidiruv uskunalarini 70 foiz yangilash imkonini berdi.
Mamlakatimizda vertolyot va dronlar yordamida aerogeofizika ishlari yo‘lga qo‘yilgani, zamonaviy 3 D o‘lchamli seysmik kompleks ishga tushirilib, yer qa’rini 9 kilometrgacha chuqurlikda geofizik o‘rganish imkoniyati yaratilgani soha rivojida yangi davr boshlanganidan dalolat beradi.